Koronavirus infeksiyasiga chalingan termizlik bemor (erkak kishi) miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Xabarda qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi 67 yoshli R.A. (erkak kishi) joriy yil 3 iyul kuni o‘zini yomon his qilgan, nafas yo‘llarida yallig‘lanish bo‘lgan. 4 iyul kuni «COVID-19» infeksiyasiga namuna topshirgan va shifoxonaga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasiga gumon, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etligii ma’lum qilinadi.