O‘zbekistonda hali ham yotoq-joylar va dori-darmonlar zaxirasi hali ham mavjud, dedi 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirusga qarshi kurashish shtabining vakili, professor Xabibulla Oqilov.

Avvalroq, u statsionar kasalxonalarda joylar qolmaganligini, shuningdek, asoratlarsiz bemorlarga uyda va mehmonxonalarda davolanishga ruxsat berilganligini ma’lum qilgan edi.

“Aytganlarimning hammasi rost. Va men so‘zlarimni rad qilmayman. Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab hukumatimiz barcha majburiyatlarni bajarib kelmoqda. Tayyorlangan dori-darmonlar zaxiralari, yotoq-joylar. Biz agar statistika hozirgidek davom etsa, zaxiralar yetarli bo‘lmay qolishi mumkinligini aytmoqchimiz. Ammo hozir sharoitlar yetarli”, — dedi Xabibulla Oqilov 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Avvalroq, shtab vakili agar har kuni 1000 tadan COVID-19 kasalligi aniqlansa, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi qulashi mumkinligini ta’kidlagan edi.

Xabibulla Oqilovning ta’kidlashicha, shifoxonalarning koronavirus bemorlarini davolanish uchun qayta jihozlanishi natijasida boshqa surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar davolana olmasligi oqibatida bemorlar vafot etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha 10 iyuldan 1 avgustgacha karantin cheklovlari kuchaytirilishi e’lon qilindi. 8 iyul kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar, davolanganlar va o‘lim ko‘rsatkichlari rekord natijani 422 holatni tashkil etdi.