8 iyul kuni kechqurun Serbiyaning bir qator shaharlarida hukumatga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyish ishtirokchilari hukmron Serbiya progressiv partiyasi (SPP) idoralari va jurnalistlarga hujum qilishdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Namoyishchilar mamlakatdagi mavjud epidemiologik vaziyatdan va hukumatning koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishdagi harakatlaridan noroziligini bildirdi.

Namoyishchilar COVID-19 qurbonlari to‘g‘risida haqqoniy ma’lumot berishni talab qilishdi, shuningdek, ular norozilik harakatlarini noaniq ravishda yoritayotgan milliy telekompaniyaning tahririyat siyosatini tanqid qilishdi.

Umuman olganda, Serbiyada norozilik namoyishlari 7 iyul kuni boshlandi: prezident Aleksandr Vuchich koronavirus bilan kasallanganlar sonining ko‘payishi sababli juma-dushanba kunlari komendantlik soatlari joriy etilishini e’lon qilganidan so‘ng Belgraddagi namoyishchilar darhol parlament binosiga kelishdi.

“[Serbiya Prezidenti Aleksandr] Vuchich dam olish kunlari yangi taqiqni e’lon qildi. Garchi bir necha hafta oldin bizda saylovlar bo‘ldi, futbol o‘yinlari, ommaviy yig‘ilishlar o‘tkazildi — barcha karantin choralari bekor qilindi va saylovlar tugashi bilan, to‘satdan vaziyat to‘liq o‘zgarganligi va COVID-19 qaytgani ayon bo‘ldi. Natijada odamlar hukumatga ishonmay qo‘ydilar va hatto shifokorlarga ham boshqa ishonmayaptilar. Bu esa juda xavfli”, — deya izohladi serbiyalik siyosatshunos Vuk Velebit BBC Rus xizmatiga.

Serbiya ichki ishlar vaziri Neboysha Stefanovichning aytishicha, Belgraddagi norozilik namoyishlari “hokimiyatni egallab olishga urinish” bilan bog‘liq, COVID-19 ga qarshi yangi choralar bilan emas. Serbiya mudofaa vaziri Aleksandr Vulin ham mamlakatdagi tartibsizliklarni fuqarolar urushini boshlashga urinish deb atadi.

“Bizning ko‘chalarda dahshatli zo‘ravonlik, davlat to‘ntarishini uyushtirish, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va Serbiyada fuqarolar urushini qo‘zg‘ashga urinish ro‘y beryapti. Buni boshqacha tarzda izohlab, tushuntirib bo‘lmaydi. Skupina (parlament — tahr.) binosiga, Novi-Sad shahar kengashiga o‘t qo‘yishga, politsiyaga hujum qilishga, ko‘chalarda odamlarni kaltaklash hamda fuqarolarning hayoti va mol-mulkiga xavf tug‘dirish uchun hech qanday sabab yo‘q”, — dedi Mudofaa vazirligi rahbari.

Novi-Saddagi mitingda bir necha ming ham chap, ham o‘ng qanot siyosiy harakatlar tarafdorlari namoyishda birdek qatnashishdi. Shu bilan birga, ulardan ba’zilari SPP idorasining oynalarini sindirdi, u yerdan mebellarni olib chiqib, ularni kirish oldida yoqib yuborishdi. Shahar hokimiyati binosiga toshlar, pirotexnika vositalari bilan hujum qilishdi, Voyvodina viloyat radio va televideniyesi ofisidagi kirish eshigini sindirishdi.

Namoyish davomida milliy RTS kanalining tasvirga olish guruhiga ham hujum qilindi, kameraga zarar yetkazilib, operatorning qo‘liga shikast yetkazildi.

Jamoat tartibini saqlash xodimlari namoyishchilarni tarqatib yuborib, shahar markazini kordonlar bilan to‘sib qo‘yishdi, shundan keyin vaziyat barqarorlashdi.

Nishda esa namoyishchilar SPP idorasiga toshlar va mevalar otishdi, RTS telekanali xodimlariga hujum qilishdi, suratga olish guruhining kamerasini sindirib, operatorning boshiga shikast yetkazishdi.

Kecha Kraguyevatsda taxminan 1500 namoyishchi shahar hukumati binosi oldida chiqish qilishdi. Dastlab, namoyish tinch o‘tdi, ammo tunda mahalliy politsiya bo‘limining derazalariga toshlar va falshfeyerlar otildi. Xavfsizlik xizmati xodimlari ko‘zni yoshlatuvchi gaz ishlatishga majbur bo‘ldi.

Jabrlanganlar va hibsga olinganlar soni haqida ma’lumot berilmagan. Serbiya Ichki ishlar vazirligi hozirda faqatgina Belgradda 10 politsiya xodimi tan jarohati olgani haqida ma’lumot berdi.