O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va davlat byudjetiga tushumlarni ta’minlash bo‘yicha choralar muhokama qilindi, deya xabar berdi “O‘zbekiston 24” telekanali.

Tadbirkorlik muhiti bo‘yicha olti oylik tahlillar hamma hududlarda ham bu ishlar yetarli emasligini ko‘rsatmoqda, deya ta’kidladi davlat rahbari. O‘tgan yilda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarning 23 mingtasi yoki 24 foizi bugungi kunda faoliyat ko‘rsatmayapti.

“Oldin biz aytardik: uch yil oldin, besh yil oldin ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar ishlamayapti. Ha, mayli, o‘tgan yili ochilgan 23 mingta tadbirkor nimaga ishlamaydi? Qani mijozbay ishlash tizimi? Qani tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tizimi, hurmatli hokimlar, bankirlar? Qani soliqchining ko‘mak bergani? Bironta odam borib so‘rasa bo‘lmaydimi: sizga qanday ko‘mak berish kerak, deb? Qani mijozbay ishlash? Qani ko‘makdosh bo‘lish? Qani to‘rtta sektorning ishi?” — deb so‘radi prezident.

U tadbirkor sonini ko‘paytirish emas, balki bor tadbirkorga ko‘proq sharoit yaratib, elektr, gazi, suvi, yo‘li, krediti va davlat qilishi kerak bo‘lgan boshqa masalalarni yechib berish kerakligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini ishlab chiqishga topshiriq berdi. Bu tizim tadbirkorlar uchun maxsus kurslar tashkil etish, tadbirkorlarni ro‘yxatga olish, uskunalar sotib olishda xarajatlarning bir qismini qoplash va boshqalarni ko‘zda tutadi.

“Tadbirkorga xiyonat qilgan — siyosatimizga xiyonat qilgan bo‘ladi. Tadbirkorning dardi bilan yashamagan rahbar hozirgi siyosatni tushunmagan rahbar bo‘ladi”, — dedi u.

Yig‘ilishda 59 ta tuman va shaharda biznes muhiti “yomon” sifatida baholangani ma’lum qilindi.

“Ushbu reyting natijalari hududlardagi rahbarlarning tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyatiga haqiqiy bergan baho. Bular aniq bilindiki, hozirgi bizning katta-katta marralarimizga munosib qadam qo‘ymayabdi. Natija bermabdi. Odamlar rozi emas bu 59 ta tuman va shaharlarda”, — dedi davlat rahbari.