Koronavirus infeksiyasiga chalingan jizzaxlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Xabarga ko‘ra, Jizzax shahrida yashovchi 28 yoshli M.O. (ayol)ning joriy yilning 22 iyun kunidan tana harorati ko‘tarilib, u uy sharoitida davolanib yurgan.

Bemorning ahvoli og‘irlashib, 4 iyul kuni tibbiyot xodimlariga murojaat qilganidan so‘ng, undan “COVID-19"ga namuna olingan va infeksiya bilan kasallanganligi tasdiqlangan. Unda ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgani ma’lum qilinadi.

Ta’kidlanishicha, bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli u sun’iy nafas berish apparatiga ulangan. Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion choralarga qaramasdan bemorning holati keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.