Koronavirus infeksiyasiga chalingan toshkentlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashovchi 51 yoshli R.N. (erkak)ni so‘nggi 3−4 kun davomida hansirash bezovta qilgan.

4 iyul kuni bemor Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga yotqizilgan va “COVID-19” infeksiyasiga namuna olinib, infeksiya bilan kasallanganligi tasdiqlangan. Ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan.

“Davolanish dinamikasida bemorning ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi va hansirash kuchaygan. Shundan so‘ng u 1-son shahar klinik shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemor bundan avval epilepsiya kasalligi bilan nazoratda turgan, 2-guruh nogironi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, shifoxonada bemor bir necha marta Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan onlayn rejimida konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.