Koronavirus bemorlari orasida yana ikki nafar o‘lim holati qayd etildi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Uchtepa tumanida yashovchi 83 yoshli onaxon Sh. T.ni 25 iyundan tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, hansirash va nafas siqishi bezovta qilgan. 28 iyun kuni esa koronavirus aniqlangan va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

30 iyun kuni tos suyagi buyinchasi singanligi sababli 1-son shahar klinik shifoxonasiga o‘tkazilgan.

Unga “COVID-19” og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Shuningdek, bemor ikki tomonlama gonartroz, ikki tomonlama koksoartroz kabi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Bemor bundan avval, ko‘p yillardan buyon gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib keladi. 2019 yildan beri esa yotoq holatda bo‘lgan (tizza va tos-son bug‘imlari osteoartrozi, joriy yil 16 iyun kuni esa yiqilib tushishi oqibatida tos suyagi buyinchasi singan).

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni shifokorlar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Bundan tashqari, Afg‘oniston davlati fuqarosi 40 yoshli M.H. (erkak)ni 2−3 kun davomida yo‘tal va tana harorati ko‘tarilishi bezovta qilgan. 21 iyun kuni tez tibbiy yordam chaqirtirilib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga “SOVID-19”, ikki tomonlama pnevmoniyaning o‘ta og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shifoxonada bemor bir necha marta mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni ularning tavsiyasi asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 47 nafarga yetdi.