O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi «Mashtakovo» nazorat punkti 1300 nafar va Orenburg viloyatining Buzuluk shahri yaqinida 700 nafardan ortiq fuqarolar to‘plangan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Operativ shtabi xabar berdi.

Chegaraga yig‘ilgan fuqarolar o‘z uylariga avtotransport vositalarida Qozog‘iston hududi orqali qaytib olish istagida. Qayd etish joizki, Qozog‘iston COVID-19 holatlari soni oshgani sababli 5 iyuldan ikki hafta muddatga karantin choralarini kuchaytirdi. Jumladan, hududlar o‘rtasida yo‘lovchi avtobuslari harakati to‘xtatilgan.

«Mintaqada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyatning keskin yomonlashishi, Qozog‘istonda qat’iy karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarning qo‘shni davlatlar hududi orqali qaytishi tashkiliy va boshqa qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, ayniqsa fuqarolarning sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda», — deyiladi xabarda.

Xabar qilinishicha, ushbu holatni fuqarolarga tushuntirish maqsadida, O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi va Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi rahbarlari fuqarolar to‘plangan joyga kelishdi.

«Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan cheklov choralariga to‘g‘ri baho berishlarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va o‘zlarining va atrofdagilarning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘raymiz.

O‘zbekiston fuqarolari charter reyslarini tashkil etish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan hamda muntazam «sariq» va «yashil» reyslar qayta tashkil etilishiga ko‘ra vatanga qaytadilar", — deya xabardin Tashqi ishlar vazirligining operativ shtabi.

O‘z navbatida, Respublika maxsus komissiyasi 6−19 iyul kunlariga belgilangan charter reyslar jadvaliga o‘zgartish kiritib, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga bir qator charter reyslarni bekor qildi.

Avvalroq, Rossiya-Qozog‘iston chegarasida yana O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilayotgani hamda Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga qaytish mumkinligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqalayotgani haqida xabar bergan edik.