Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston-Qozog‘iston va Rossiya-Qozog‘iston chegaralarida qolib ketgan o‘zbekistonliklarni qaytarishga va’da berdi.

“Kun sayin O‘zbekistonda shu kasallik (koronavirus — tahr.) bilan zararlanish soni ko‘payib bormoqda. Che ellardan shu bugungacha 90 mingdan ko‘p fuqarolarimizni qaytarib olib keldik. Yana bir marta bugun xalqimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, chet elda qolgan hamma fuqarolarimizni, albatta, olib kelamiz”, — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u nazorat-o‘tkazish punktlarida qolib ketgan fuqarolarni olib kelish bo‘yicha topshiriq bergan. “Tizim bilan, tartib bilan, albatta, ularni olib kelamiz”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Avval xabar qilganimizdek, Rossiya-Qozog‘iston chegarasida 2000 nafarga yaqin o‘zbekistonliklar o‘z uylariga Qozog‘iston orqali avtotransportlarda qaytish uchun yig‘ilib qolgan. Bundan tashqari, Qozog‘iston bilan chegaradagi “Jibek jolы” — “G‘ishtko‘prik” NO‘Pda ham vatanga qaytishni kutayotgan 3000 dan ortiq o‘zbekistonlik yig‘ilgan. O‘zbekiston TIV chegara orqali o‘tishdagi cheklovni texnik sabablarga bog‘ladi va ushbu masala “qisqa muddatlarda” hal etilishiga va’da berdi.