5 iyuldan boshlab O‘zbekistonda koronavirusning yengil ko‘rinishi mavjud bo‘lgan bemorlarda kasallik asoratlari kuzatilmagan holda, shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari va parvarish uchun zarur shartlarga muvofiq holda uyda davolanishga ruxsat berildi. Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti rektori, professor Xabibulla Oqilov “Gazeta.uz"ga uyda davolanayotgan bemorlarning kuzatuvi qanday tashkil etilishi, qachon kasalxonaga yotqizilishi kerakligi va ular bilan birga yashayotgan qarindoshlarning nima qilishi lozimligi haqida so‘zlab berdi.

- Asoratlarsiz bemorlar uyda qanday davolanadi?

- Bu yerda davolanish emas, balki uy sharoitidagi kuzatuv nazarda tutilmoqda. Biz buni taklif qilganimizda, Sog‘liqni saqlash vazirligi qandaydir dorilarni berish kerakdir, deb hisobladi. Ammo biz kasallik mutlaqo asoratlarsiz kechayotgan bemorlar haqida gapirayapmiz. Bunda bemor faqat kuzatuvga muhtoj, dori-darmonlar orqali davolash talab qilinmaydi.

Kerak bo‘lgan yagona narsa — aniq monitoring. Yengil asoratlar paydo bo‘lsa ham, buni o‘tkazib yubormaslik… Bizning hozirgi asosiy muammomiz shundaki, odamlar ba’zi birlamchi alomatlar kuzatilayotgan sharoitda, o‘z-o‘zini davolashga harakat qilishmoqda, bu mutlaqo noto‘g‘ri.

Birinchi alomatlar — hid va ta’m sezishnining yo‘qolishidir, bu alomatlar xavotir signali bo‘lishi kerak. Yo‘tal — bu ham signal. Harorat — xavfli signal: oilaviy shifokoringizga yoki Sog‘liqni saqlash vazirligining call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish kerak. Bu, ayniqsa, vazni yuqori bo‘lgan, surunkali kasalliklar, diabet, gipertoniya, qon kasalligi, yurak urish ritmining buzilishi bo‘lgan kishilarga taalluqlidir.

- Bemorlar uyda aynan qanday nazorat qilinadi? Avvalroq, Erkin Musabayev qo‘ng‘iroqlar qilish varianti haqida aytgan edi.

— Albatta. Bu eng asosiy talab. Biz hozirda bularning barchasi qayd etilgan qoidalarni ishlab chiqdik va Sog‘liqni saqlash vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etishimiz kerak.

Ushbu qoidaga ko‘ra, oila shifokorlari kuniga kamida bir marta uyda kuzatuv ostida bo‘lgan bemorlarga qo‘ng‘iroq qilishlari kerak. Asosiy savollar:"Hammasi yaxshimi? Harorat ko‘tarilishi yo‘qmi? Yo‘talmayapsizmi? Nafas olishda qiyinchiliklar yo‘qmi?" bo‘ladi.

- Xo‘sh, bemor qanday holatda kasalxonaga yotqizilishi kerak?

— Koronavirusning biron bir alomati mavjudligi kasalxonaga yotqizi sh uchun sabab hisoblanadi. Boshqa har qanday yuqumli kasallikdan farqli o‘laroq, COVID-19 asoratlari tez paydo bo‘ladi. Oddiy shamollashda pnevmoniyagacha 7−10 kun o‘tishi mumkin, bu holatda esa birinchi alomatlardan 2 soatdan 4 soatgacha vaqt ichida ikki tomonlama pnevmoniya boshlanishi mumkin.

Bundan tashqari, pnevmoniya ikki tomonlama, kuchli, chunki u bakterial emas, balki kimyoviy (virusli). Bu bilan hazillashib bo‘lmaydi deb o‘ylayman.

- Шифокорлар qo‘ng‘iroq qilishlari kerak bo‘lgan bemorlarning ro‘yxatini qayerdan olishadi?

— Bemorda koronavirus aniqlangandan keyin Sanitariya-epidemiologik osoyishtarlik agentligi PZR tahlilidan (polimeraza zanjiri reaksiyasi — tahr.) ijobiy javobini oladi. Ular bemorni zudlik bilan ro‘yxatga olishlari va yashash joyidagi oilaviy klinikani xabardor qilishlari shart.

- Koronavirus xususiy tibbiy muassasada sinovdan o‘tganda aniqlansa, nima qilish kerak?

— Xususiy klinikalar COVID-19 bo‘yicha ijobiy tahlilni aniqlasa, ushbu ma’lumotlarni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga yuborishi kerak. Agar alomatlar bo‘lmasa, bemorni uyda qoldirish mumkin. Agar alomatlar bo‘lsa, unda uni kasalxonaga yotqizish kerak bo‘ladi.

— “Oddiy” pnevmoniyani koronavirusdan qanday ajratish mumkin?

— Birinchidan, anamnestik ma’lumotlar orqali. Agar anamnez to‘g‘ri to‘plansa (tibbiyot tarixi — tahr.), unda oddiy pnevmoniyani koronavirusdan farqlash mumkin. Buning uchun to‘g‘ri anamnez to‘planilishi kerak — boshlanganidan beri qancha vaqt o‘tdi, kontaktlar bormi-yo‘qmi, odam “qizil” zonalarga tashrif buyurdimi yoki yo‘qmi, u og‘ir epidemiologik vaziyatdagi mamlakatdan kelganmi, ehtimol bir hafta oldin shamollagandir, hech qanday kontaktlar bo‘lmagan bo‘lsa ham…

Bundan tashqari, rentgenologik surat farqlash uchun ahamiyatlidir, chunki oddiy pnevmoniya va koronavirus pnevmoniyasining rentgenografiyasi umuman farq qiladi.

Aslida, biz koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolaydigan klinikalarda odatiy rentgen apparatlari mavjud, ammo kompyuter tomografiyasi (KT), magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) yoki multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) mavjud emas. Nazariy jihatdan, bemorlarga MSKT qilish kerak va rasmda hammasi darhol aniqlanadi. Ularni MSKT imkoniyati mavjud bo‘lgan klinikalarga yotqizish yaxshiroq bo‘lar edi, ammo bizda hamma klinikalarda ham bunday narsa yo‘q.

Ammo hozir klinikalar imkon qadar jihozlangan — ham davlat, ham xususiy sektor. Barchasi MRT, MSKT sotib olishmoqda. Yuqumli kasalliklar klinikalariga dastlab ushbu jihozlar kerak emas edi, chunki ular asosan virusli, bakterial infeksiyalar, diareya, dizenteriya, salmonellez va gepatitni davolashgan. Bu tashxislarning barchasida MSKT deyarli kerak bo‘lmaydi. Shuning uchun ushbu shifoxonalar ular bilan jihozlanmagan. Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida hech qachon MSKT bo‘lmagan, chunki bunga zarurat yo‘q edi.

Vohidov jarrohlik markazida, shoshilinch tibbiy yordam markazida, Fedorovich klinikasida MSKT bor, ammo u yerlarda yuqumli kasalliklar bemorlari hech qachon yotqizilmagan. Bu statsionar uskunalar, shuning uchun uni oson ko‘chirish mumkin emas. Hozirda biz odatiy rentgen tekshiruvi yordamida muvaffaqiyatli ishlamoqdamiz.

- Maxsus komissiya qarorida, shuningdek, shifoxonada va uyda davolangan, klinik belgilari bo‘lmagan holatdagi yengil koronavirusli bemorlar 10 kun ichida tibbiy nazoratdan olinishi qayd etilgan. Bemorlarni kuzatish vaqtini qisqartirishning sababi nimada?

— Biz buni kamaytirishga qaror qilganimizning sababi, agar 10 kun ichida alomatlar bo‘lmasa, ular endi ko‘rinmaydi va bemorni kuzatuvdan olish mumkin. O‘n kun, va keyin u yuqumli emas.

O‘n to‘rt kun — bu karantinga tegishli. Bu yerda esa biz PZR tahlilining natijalari haqida gapirmoqdamiz. Biz tahlil o‘tkazgan kundan boshlab. JSSTning ta’kidlashicha, yetti kundan keyin bemor yuqumli emas. Kasallik davom etsa ham, hech qanday yuqish havfi yo‘q. Biz xafsizlik uchun buni 10 kungacha uzaytirayapmiz.

- Agar asoratlarsiz bemor uyda kuzatib turilsa, qarindoshlar nima qilishlari kerak? Ular ham uyda bo‘ladimi?

— Nazariy jihatdan, agar uyda alohida qurilish, mehmon uyi imkoniyati bo‘lsa, u holda, albatta, oila a’zolaridan alohida turishi kerak. Agar buning iloji bo‘lmasa, u holda, qoida tariqasida, kasal odam bilan bir kvartirada bo‘lgan barcha oila a’zolari allaqachon asoratlarsiz koronavirus bemorlari kabi davolanishi kerak.

- Bemorlarning qarindoshlari kasallik yuqtirmasliklari uchun uy anjomlaridan qanday foydalanish bo‘yicha alohida tavsiyalar mavjudmi?

— Albatta. Har bir narsa xavfsiz holatga keltirilishi kerak — choyshab, idishlar, agar iloji bo‘lsa, alohida hojatxona, hammom, yuvinish xonasi.

Iloji bo‘lsa, bir marta ishlatiladigan idishlardan foydalaning. Agar bir marta ishlatiladigan idishlarga to‘liq o‘tish imkoni bo‘lmasa, unda bemor uchun alohida idishlar ajratish kerak. Uni kamida 70 daraja haroratda tozalash kerak bo‘ladi. Idishlarni odatiy sharoitda yuvish koronavirusni o‘ldirmaydi.

- Agar uy sharoitlari qarindoshlarga kasallik yuqishining oldini olish uchun to‘g‘ri kelmasa, asoratlarsiz bemorlar hali ham uyda izolyatsiya qilinadimi yoki ular kasalxonaga yotqiziladimi?

— Agar uyda imkoniyat bo‘lmasa, ularni kasalxonaga yotqizish kerak. Yoki maxsus komissiya tomonidan tasdiqlangan mehmonxonalar ro‘yxati mavjud, ularga mehmonxona sharoiti ham to‘g‘ri keladi. Ammo mehmonxona shifokori nazorati ostida.

- Agar bemorni davolash bo‘yicha tasdiqlangan protokollar, tavsiyalar mavjud bo‘lsa, nega ular ommaga e’lon qilinmaydi?

— Koronavirusni davolash protokollari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan taklif qilinadi va keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Biz ushbu protokollarning barchasini tasdiqladik va JSST tomonidan yangi tavsiyalar kelishi bilan muntazam ravishda yangilab turamiz. Bu statsionar bemorlarga taalluqli.

Yana bir bor takror aytmoqchimanki, biz uyda bo‘layotgan simptomlarsiz bemorlarni davolash haqida gapirmayapmiz, biz kuzatish, monitoring haqida gapirayapmiz.

Endi biz protokollarni ko‘rsatma sifatida alohida nashrdan chiqaramiz… Ular tasdiqlangan, tayyor. Biz ularni nashr etamiz.


Xabibulla Oqilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida, 5 iyuldan boshlab viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga PZR va ekspert-referens tahlillar qilish uchun ruxsat berilganligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Toshkentdagi navbat bilan bog‘liq muammoni hal qilishga va natijalarni kutish vaqtini qisqartirishga imkon beradi.

“Bu ham yangilik, chunki Toshkentda navbatlar paydo bo‘ladi. Agar PZR tahlili uchun 6−8 soatgacha vaqt talab qilinadigan bo‘lsa, unda navbat sababli javobni 2−3 kun kutish kerak bo‘ladi. Biz bu masalani hal qilamiz”, — dedi u.

Bundan tashqari, ushbu haftadan koronavirusga qarshi antitanachalarni aniqlash uchun immunoferment tahlillarini olish ishlari boshlanadi. Ushbu jarayonda xususiy tibbiyot tashkilotlari ham ishtirok etmoqda.