“Joylarda „yashil“, „sariq“ va „qizil“ hudud tamoyili to‘liq ishlamayapti”, — deya ma’lum qildi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi avvalida. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, tuman va shaharlar sanitariya-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, 5 may kuni “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlarga ajratilgan edi. Hozirda esa butun mamlakat hududi “qizil” deb e’lon qilingan.

Prezident tibbiy niqob taqmaslik yoki uni nomiga taqish, sanitariya-gigiyena qoidalarini buzish, o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, zaruratsiz oilaviy tadbirlarni o‘tkazish holatlari kun sayin ko‘payib borayotganini ta’kidladi.

“Biz bu borada ahvolni o‘zgartirish uchun avvalo jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz kerak”, — deya iqtibos keltirdi prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev Respublika komissiyasiga viloyat, shahar, tumanlar hokimlari hamda sektor rahbarlari bilan birga pandemiyani jilovlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishga topshiriq berdi. Tegishli rahbarlar o‘ziga biriktirilgan har bir viloyat kesimida aholining belgilangan cheklovlarga qat’iy amal qilishi va karantin talablari bajarilishi ustidan, joyiga chiqqan holda nazorat o‘rnatishlari kerak.

“Albatta, biz qo‘shni davlatlarda ma’lum sabablarga ko‘ra qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatimizga qaytarish bo‘yicha ham tegishli chora-tadbirlarni ko‘ramiz”, — dedi prezident. Avval xabar qilinganidek, hozirda Rossiya va Qozog‘istondagi fuqarolar qiyin ahvolda qolib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin cheklovlari kuchaytirilgani haqida ma’lum qilindi.

Koronavirusga qarshi kurashda qat’iy choralarni qo‘llash zaruriyatini izohlar ekan, prezident iyul oyining birinchi haftasida bemorlar soni 2167 nafarga ko‘paygan, shundan 1267 ta (58%) holat aholi orasida aniqlanganini ta’kidladi.

“Bu karantin davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Afsuski, bemorlar orasida o‘lim soni ham ortib bormoqda. Bu barchamizni jiddiy tashvishga solishi shart”, — dedi davlat rahbari.

“Biroq yurtdoshlarimizga murojaat qilib yana bir bor ta’kidlamoqchiman: butun dunyoda ming-minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘layotgan bunday xatarli ofatga aslo beparvo va yengil qarab bo‘lmaydi, — dedi prezident. — Kasallikning biror-bir kichik belgisini o‘zingizda sezdingizmi, darhol shifokorga murojaat qiling. O‘zingizcha uyda davolanmang. Bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi, va nihoyat o‘lim bilan tugashi mumkin. O‘zingizga va oila a’zolaringizga nisbatan beparvo va befarq bo‘lmang!”

“Xalqimiz, oilamiz va farzandlarimiz salomatligi va hayoti biz uchun eng ulug‘ boylik ekan, bu o‘ta muhim masalada befarq bo‘lib, karantin talablarini buzishga hech kimning haqqi yo‘q”, — dedi davlat rahbari.