O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida oxirgi 14 kunda koronavirus bo‘yicha aniqlangan holatlarning 52 foizi chet eldan kelgan fuqarolarda, 48 foizi esa mamlakat aholi orasida aniqlanganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, aholining belgilangan karantin talablariga rioya etmasligi va intizomning yo‘qligi koronavirus infeksiyasining mamlakatda aholi orasida ko‘payib borishiga sabab bo‘lmoqda. Misol tariqasida sog‘liqni saqlash vaziri to‘ylarga ruxsat berilganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Ma'lum muddat to‘ylar bo‘lmadi. Keyin to‘ylarga ruxsat berildi, cheklovlar bilan. Lekin bitta Toshkent shaharni o‘zida oxirgi bir oy ichida to‘rtta to‘yimizda 110 ta kasallangan aniqlandi. Bundan tashqari, Yunusobod tumanida bo‘lib o‘tgan to‘yning o‘zida kasal paydo bo‘ldi. 30 kishilik bo‘lishi kerak bo‘lgan to‘y bir kunda 3 mahal o‘tkazilgan. 100 dan ortiq odamni to‘yga taklif qilgan va natijada butun oila a’zolari ham kasallikka chalingan”, — deya ma’lum qildi Alisher Shodmonov.

Shu bilan birga, aholi va ishchilar bozorlarda, savdo majmualarida, banklarda, ish joylarida karantin talablariga rioya qilmaganligi oqibatida qayerda va nechta odam kasallikka chalingani ham aytib o‘tildi.

“Oxirgi bir oy ichida O‘rikzor bozorida 35 ta kasallangan aniqlandi. Bu bozorda ishlaydiganlar ham va kirib chikayotganlar ham. Yunusobod bozorida 39 ta, Chorsu bozorida 11 ta, Abu Saxiyda 47 ta, Ipodrom bozorida 52 ta aniqlandi. Shu bilan bir qatorda, savdo majmualarimizda bir oy ichida 20 tadan oshig‘ida aniqlandi. Bank hodimlarimizdan 34 tasida aniqlandi. Qurilish tashkilotlarini oladigan bo‘lsak, 200 dan ortiq qurilishda ishlayotganlar ichida aniqlanib, bugunda davolash ishlari olib borilmoqda. Tadbirkorlik ob’ektlarida 63 ta, mehmonxonalarimizdan 15 ta chiqdi. Davlat idoralaridan 18 ta holat va aksionerlik jamiyatlarda 17 tasi chiqdi. Bu virus kirib bormagan joyni o‘zi qolmadi”, — deya ta’kidladi sog‘liqni saqlash vaziri intervyuda.

Og‘ir bemorlar va o‘lim holatlarining o‘sib borishi

Vazir, shuningdek, intervyuda o‘ta og‘ir bemorlarning holatlari va ayrimlarining kech murojaat qilayotgani o‘lim sonlarining o‘sishiga olib kelayotganligi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Bemorlar soni ko‘payganidan keyin og‘ir toifadagilar soni ham ko‘payadi. O‘lim ham, ming afsus, oshib boradi. O‘lim sabablarini tahlil qilib chiqqanimizda, bunga ta’sir qiluvchi birinchi omillar bu hamroh kasalliklari. Lekin 50 foizida kech murojaat. Kasallik belgilari boshlangan, lekin uni mensimasdan bu oddiy grip deya o‘zini uyida oila a’zolarini ham xavf xatarga ko‘yib, kasallikni yuqtirib, vaqtida murojaat qilmasdan bizga kelib, oxirgi bir hafta ichida o‘lib qolayotganlar ko‘payishni boshlamoqda. Bu kassalik o‘pkaga ta’sir etib, o‘pkani virus chandiqqa aylantirib bo‘lganidan keyin u yerda [organizmda — tahr.] kislorod bilan ta’minlash qobiliyati butunlay yo‘qoladi. Uni tiklab bo‘lmaydi”, — dedi Alisher Shodmonov.

Sog‘liqni saqlash vaziri hamroh surunkalik kasalliklar borlarda koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotganini ma’lum qildi. Bunda quyidagilar alohida e’tiborga loyiq:

  • qandli diabet;
  • semizlik;
  • yurak qon-tomir kasalliklari.

Alomatlarsiz bemorlar

Vazir intervyuda alomatlarsiz bemorlar haqida va ularning uyda davolanishi mumkinligi bo‘yicha izoh berib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, alomatlarsiz va yengil ahvoldagi bemorlarni uyda davolash tartibi dunyo bo‘ylab mamlakatlar amaliyotida bor edi. Bu amaliyot bizda endi tatbiq etilishi boshlandi.

“Hammasiga PSR laboratoriyalarda testdan o‘tkazamiz va kasallikni biz isbotlaymiz. Bundan so‘ng, qo‘liga eslatma berib, uyda qaysi rejimda bo‘lishi kerak, nimalarga e’tibor berish kerakligini aytamiz. Ular uyda kuzatuvda olib boriladi. Kuzatuv asosan telefon orqali bo‘ladi. Poliklinika xodimlarimiz ular bilan har kuni aloqa qilib turadi va imkoniyat bor joyda video-aloqa o‘rnatadi. Agarda bironta klinik belgilari paydo bo‘lsa, uni shu zahoti maxsus tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib boramiz”, — deya tushintirdi vazir.

Ikkinchi to‘lqinga tayyorgarlik

Virus faollashadigan bo‘lsa yoki ikkinchi to‘lqin keladigan bo‘lsa, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi bunga bardosh bera oladimi va bunga qanchilik tayyor savoliga, sog‘liqni saqlash vaziri quyidagicha javob berdi:

“Bizdagi mavjud yuqumli kasalliklar shifoxonalari hozir ishlab turibdi, biz bir qator umumiy yo‘nalishdagi shifoxonalarimizni yo‘nalishini o‘zgartirib, hozir yuqumli kasalliklarga moslashtirdik. Shu bilan birga, biz hozir shoshilinch yordamni to‘liq ta’minlab beryapmiz. Tug‘ruq, homiladorlarga yordam, ijtimoiy yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatish ham to‘la ta’minlanyapti. Lekin kasallik avj oladigan bo‘lsa, bizning tibbiyot tizimi og‘ir holatga tushib, ana shu yordamlar to‘xtab qolishi mumkin. Shuning uchun, hozir biz hammamiz teng harakat qilib, bu kasallikni tarqalishini oldini olib, og‘ir bemorlar soninni kamaytirib, shifoxona reanimatsiyaga tushayotganlarni sonini ham kamaytirib, buni yurgizishimiz kerak”, — deya ta’kidladi Alisher Shodmonov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Toshkent shaharni o‘zida 14 ta shifoxonada bemorlarga yordam berilmoqda. Yana 4 ta shifoxonada koronavirus bemorlari bilan muloqotda bo‘lgan gumoni borlarga xizmat ko‘rsatadigan shifoxonaga aylantirilgan . Respublika bo‘ylab esa har bitta viloyatda eng kamida ikkitadan shifoxonani yuqumli kasalliklar va ko‘p tarmoqlilar uchun tayyorlab qo‘yilgan.

“Biz to‘liq yordam berish imkoniyatiga egamiz. Lekin biz qo‘shnilarda ham, boshqa davlatlarda ham ko‘rib turibmizki, ular stadionlarga, sport zallarga, ta’lim muassasalariga, yotoqxonalarga ham joy qilyapti. Bular bunga ixtisoslashmagan, yordam berish imkoniyati, asbob uskuna yo‘q. Demak, bemorlarni vaqtincha shu yerlarga olib kelayapti holos. Shundan qutilishimiz uchun biz hozir hamma harakatlarni kuchaytirishimiz kerak. Hammamiz to‘g‘ri tushunib, cheklovni, karantinni qattiq ushashimiz kerak. Buni jilovlash mumkin”, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri.