Koronavirusga qarshi kurashish shtabi vakili, Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti rektori, professor Xabibulla Oqilov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aholini karantin choralariga jiddiy rioya qilishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada koronavirusga qarshi kurashish uchun shifokorlar, dori-darmonlar, laboratoriyalar, uskunalar va reagentlar yetarli, biroq «qars ikki qo‘ldan chiqadi» — odamlar vaziyatning jiddiyligini tushunishlari kerak.

«Bugungi kunda bizda vafot etganlarning 13 foizi 40 yoshgacha bo‘lgan insonlar. Afsuski, vafot etganlar orasida 14 yoshli bola (20 yoshgacha bo‘lganlar — 3 foiz) ham bor, — dedi Xabibulla Oqilov. — Odamlar buni juda jiddiy qabul qilishlari kerak va ulardan deyarli hech narsa talab qilinmaydi: asosan oddiy gigiyena qoidalariga, o‘z-o‘zini saqlashning birlamchi qoidalariga rioya qilish».

«Afsuski, hamma ham tushunmayapti, — davom etdi u. — Bizda ochiqchasiga: „Umuman olganda, koronavirus degan narsa bormi? Masalan, ko‘rmaganman. Mening na bir do‘stim, na bir qarindoshim kasal bo‘lmagan. Men har kuni ko‘chada bo‘laman va menda hech narsa yo‘q“ deydigan odamlar bor».

Shuningdek, professor aholi niqobni iyaklariga tushurib yurayotganini yoki umuman taqmayotganini, ko‘chalarda guruh bo‘lib yig‘ilayotganini ta’kidladi.

«Odamlar ba’zi oilaviy bayramlar, to‘ylarni nishonlashda davom etishmoqda, agar dafn marosimi bo‘lsa, odamlar marhumning qarindoshlari bilan uchrashishni, ta’ziya izhor qilish uchun u yerga jamoa bo‘lib yig‘ilib borishni shart deb hisoblashadi. Biz barchaga o‘zini himoya qilish instinkti bugungi kunda eng muhim masala bo‘lishi kerakligini tushuntirayapmiz, biz o‘zimizni, ota-onamiz, bolalarimiz va nabiralarimiz haqida o‘ylashimiz kerak», — deya ta’kidladi u.

«Biz shifokorlarning vazifasi — vaziyatning jiddiyligini tushuntirishdir: koronavirus mavjud, uni juda jiddiy qabul qilish kerak, chunki biz rivojlangan mamlakatlarda vaziyatning jiddiyligini anglamaslik nimalarga olib kelayotganini ko‘rayapmiz», — dedi Xabibulla Oqilov.

Rivojlangan mamlakatlarda vaziyatning jiddiyligini tushunmaslik halokatli natijalarga olib keldi. «Biz buni bilishimiz kerak, bizda bugun vaziyat boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha yaxshi bo‘lganligidan quvonmasligimiz kerak. O‘zbekiston modeli taqlid qilish va qo‘llashga loyiqligini hamma biladi, bizda o‘lim darajasi 0,03 promille, bu juda yaxshi. Ammo ertaga hamma narsa tubdan o‘zgarishi mumkin. Bundan hech kim kafolatlanmagan. Shuning uchun odamlar bundan xabardor bo‘lishlari va bunga to‘g‘ri yondashishlari kerak», — deya xulosa qildi Xabibulla Oqilov.