Koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi toshkentlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Uchtepa tumanida yashovchi 64 yoshli B.K. (erkak kishi) joriy yil 1 iyuldan Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi reanimatsiya bo‘limida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabetning 2-turi, nafas yetishmovchiligining 1−2-darajasi, shuningdek, surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

2 iyul kuni bemordan “COVID-19” infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan. Oxirgi 8 yil davomida u parkinson kasalligi bilan dispanser nazoratida bo‘lgan. Bundan tashqari, bemor 2019 yil 1 iyul kuni bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi ishemik turini ham o‘tkazgan.

“So‘nggi kunlarda bemor bir necha marta mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilganiga qaramasdan ahvoli keskin og‘irlashgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga karamay bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi”, — deyiladi xabarda.