O‘zbekiston ilk bor BMT tarkibiga kiruvchi Sanoatni rivojlantirish tashkilotining (UNIDO) “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi” indeksiga kiritildi, deya ma’lum qildi Moliya vazirligi axborot xizmati.

Ushbu indeksning 2020 yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 0,017 ball bilan 152 ta mamlakat orasida 92-o‘rinni, MDH davlatlari orasida esa 5-o‘rinni egalladi.

“O‘zbekiston mazkur indeks tarkibidagi „Sanoat ishlab chiqarish qo‘shilgan qiymatining YAIMdagi ulushi“ indikatorida 0,566 ball bilan 18-o‘rinni (jahon bo‘yicha o‘rtacha 0,343 ball) hamda „Sanoatlashtirish intensivligi“ indikatorida 0,406 ball bilan 43-o‘rinni (jahon bo‘yicha o‘rtacha 0,323 ball) egallab, dunyoda va rivojlanayotgan mamlakatlar orasida o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori ekanligi qayd etilgan”, — deyiladi vazirlikning xabarida.


MDH a’zolariga berilgan baholar jadvali. Manba: Moliya vazirligi

Qayd etilishicha, mazkur indeksning yuqori beshtaligidan Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya kabi yuqori sanoat unumdorligiga ega mamlakatlar o‘rin olgan.

Ma’lumot uchun, “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi” indeksi (Competitive Industrial Performance Index) 1996 yildan boshlab mamlakatlarning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport salohiyati, texnologik takomillashtirish hamda modernizatsiya qilish darajasi, mamlakat sanoatining jahonga ta’siri darajasini baholab, ikki yil oldingi statistik ma’lumotlar asosida har ikki yilda bir marotaba e’lon qilib boradi.