Toshkentda 72 yoshli ayol koronavirusdan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Mirobod tumanida yashovchi L.S. 29 iyundan 1-son Respublika klinik shifoxonasida COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniyaning o‘ta og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, surunkali yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

Bemor bundan avval yurak ishemik kasalligi, zo‘riquvchi stenokardiya, gipertoniya kasalligining 3-darajasi, qandli diabetning 2-turi (insulinga muhtoj), diabetik nefropatiya, angiopatiya, retinopatiya, polineyropatiya, yog‘li gepatozning 2-darajasi, surunkali pankreatit bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan.

Bemorning holati og‘irlashgani sababli 4 iyul kuni u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan. Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston va Navoiyda ham koronavirus bemorlarining olamdan o‘tgani haqida xabar qilingan edi.