Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlarning hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi.

Nukus shahrida yashovchi 56 yoshli Z.D. (ayol)da 23 iyun kuni COVID-19 alomatlari kuzatilishiga qaramasdan, hech kimga murojaat qilmasdan uyida o‘zi davolangan. 29 iyun kuni esa tana harorati tushmaganligi sababli tez tibbiy yordam mashinasida Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan va izolyatorga joylashtirilgan. Shu kuni infeksiyasiga namuna olingan va unda ushbu kasallik tasdiqlangan.

Bemor bir necha yil davomida gipertoniya, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan. Bundan tashqari, u zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziyaning 3-darajasi, qandli diabetning 2-turi, semizlikning 2-darajasidan ham davolanib kelgan.

Navoiy shahrida yashovchi 52 yoshli B.A. (erkak) esa joriy yil 30 iyun kuni tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga “COVID-19” infeksiyasiga gumon bilan olib kelingan. Unga COVID-19, ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligining 3−4-darajasi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan.

Bemor bundan avval gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziya, semizlikning 4-darajasi tashxisi bilan davolanib yurgan.

Shifoxonada har ikki bemorga ham standartlar asosida reanimatsion muolajalar o‘tkazilishiga qaramasdan vafot etdi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etganlar rasmiy ko‘rsatkichi 44 nafarni tashkil etmoqda.