2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 27 foizga oshdi va 2,7 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan 5 yil davomida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati savdo, sanoat va energetika vaziri Song Yun Mo bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 6−7 iyul kunlari O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligida hukumat delegatsiyasining Seulga bo‘lgan amaliy tashrifi davomida Koreya tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva, xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti hamda savdo, sanoat va energetika vaziri Song Yun Mo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vaziri

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Koreya tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva bilan bo‘lgan uchrashuvi chog‘ida ikki tomonlama sheriklikning keng ko‘lamli masalalari, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi va qator bitim va shartnomalar imzolandi.

Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan dunyoda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha eng katta muvaffaqiyatga erishgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilgan Koreyaning bu boradagi ilg‘or amaliyotini O‘zbekistonda joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi «KOICA» prezidenti

KOICA prezidenti bilan uchrashuvda hamkorlikning faol sur’atlari ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda 2016 — 2020 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasi doirasida respublikada 30 mln dollar miqdorida 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda, shundan 2020 yilning ikkinchi yarimida ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish va davlat boshqaruvi kabi ustuvor yo‘nalishlarda 27,5 mln dollar miqdoridagi 3 ta yangi loyihani ishga tushirish kutilmoqda.

Shu bilan birga, 2019 yilning aprel oyida Koreya Respublikasi prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida ITSV va KOICA o‘rtasida imzolangan 2020−2022 yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli Dasturni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil qo‘shma ishlar tufayli 45,5 mln dollar miqdoridagi 5 ta loyiha allaqachon ma’qullandi. Muvaffaqiyatli loyihalardan biri — 2020 yili may oyida Toshkent shahrida ochilgan Ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazidir.

Xabarga ko‘ra, Koreyaning KOFIH xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi bilan birga sifatli tibbiy xizmat va bemorlarning xavfsizlik tizimlari sohasida o‘quv dasturlarini tashkil qilishni nazarda tutgan 2021−2024 yillarda O‘zbekiston Tibbiyot xodimlarining malakasini har tomonlama oshirish dasturini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

«Agentlik tomonidan tasdiqlangan bir qator boshqa loyihalar, shu jumladan, qiymati 14 mln dollar bo‘lgan „Urganch shahrida Professional ta’lim markazini va Milliy malaka tizimini yaratish“, shuningdek, qiymati 5,5 mln dollar bo‘lgan „Biznes-inkubatorlar tarmog‘ini yaratish va O‘zbekistonda tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantirish“ kabi loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirish uchun istiqbolli mexanizmlar alohida muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

Savdo, sanoat va energetika vaziri

Hukumat delegatsiyasi 7 iyul kuni Janubiy Koreyaning savdo, sanoat va energetika vaziri bilan ham uchrashib, muzokaralar davomida o‘zaro savdo rivojlanishida kuzatilgan ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etildi.

Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini 2023 yilga borib 5 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligi ham aytib o‘tildi.

Shuningdek, uchrashuv mobaynida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi erkin savdo bitimi loyihasini idoralararo kelishish bosqichiga o‘tishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hujjat loyihasi bo‘yicha dastlabki o‘rganishlar joriy yilning iyun oyi oxirida yakunlangani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Koreyaning jalb qilinadigan grant mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan O‘zbekiston milliy onlayn-elektron savdo platformasini yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish tartiblari va shakli yuzasidan kelishib olindi.

Tomonlar ikki mamlakatning investitsiya hamkorligi masalasiga e’tibor qaratishdi. Bunda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi 79 ta ustuvor investitsiya loyihalasining umumiy qiymati hozirgi kunda 17,3 mlrd dollarni tashkil etishi ma’lum qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Koreya hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi 10- yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, 2020 yilning oktyabr oyida Seulda har ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini taklif etgan holda biznes-forumni tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.