Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sergeli tuman bo‘limi xodimlari respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sergeli bo‘limi mansabdor shaxslari umumxalq xayriya hashari hisobidan kelib tushgan mablag‘larni talon-taroj qilganini aniqladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida go‘yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun sovg‘a, moddiy yordam pullari berilganligi va boshqa ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilganligi haqida soxta bayonnomalarni rasmiylashtirish orqali 95,8 mln so‘m mablag‘lar talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan

Mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Toshkent viloyatida ham xayriya jamg‘armalari mablag‘larining talon-taroj qilingani aniqlangan edi. Oqqo‘rg‘on tumanida mansabdor shaxslar “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan ehtiyojmand oilalarga ajratilgan 109,2 mln va 44 mln so‘m miqdoridagi xayriya pullarni o‘zlashtirib yuborgan edi.