Navoiyda koronavirus infetsiyasi aniqlangan “O‘zsanoatqurilishbank” hududiy filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari X. Sh. vafot etdi. Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ushbu xabarni tasdiqladi.

Viloyat ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, 38 yoshli mutaxassis 2 iyul kuni viloyat bolalar yuqimli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga test topshirgan. Unga “COVID-19” infeksiyasi og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama zotiljam, nafas yetishmovchiligining 1−2-darajasi asorati bilan kechgan.

6 iyul kuni bemorning ahvoli o‘ta og‘irlashgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, u olamdan o‘tgan.

Avvalroq Navoiy viloyat hokimi Qobil Tursunov viloyat aholisiga murojaatida hududda koronavirusdan birinchi o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qilgan edi.