Koreya Respublikasidan ta’tilga kelib, 30 iyun kuni charter reys bilan Seulga uchib ketgan fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda Arirang.uz sayti Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga tayanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, fuqaro ketishdan avval qator tibbiy ko‘riklardan o‘tgan, shu jumladan koronavirus kasalligiga qarshi test topshirgan. Biroq, shunday bo‘lishiga qaramay, unda koronavirus aniqlangan va davolanish uchun nazoratga olingan.

Agentlik yuqoridagilardan kelib chiqib, Koreya Respublikasiga ishga ketishni rejalashtirayotgan fuqarolardan koronavirus infeksiyasining tarqalishi sababli respublikada joriy etilgan epidemiologik-gigiyenik talablarga qattiq rioya qilishlarini, aholi gavjum joylarga bormaslikni, odamlar bilan muloqotdan imkon qadar cheklanishni so‘radi.

Ma’lumot uchun, Koreya Respublikasida ishlash vaqtida mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga kelgan ko‘plab fuqarolar pandemiya sababli mamlakatlar o‘rtasida aviaqatnovlarning vaqtincha to‘xtatilishi oqibatida ish joyiga qaytib keta olmayotgan edi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida mehnat ta’tiliga kelgan fuqarolardan 60 nafari joriy yilning iyun oyida jo‘natilgan edi. 6 iyul kuni ham ana shunday fuqarolardan yana 45 nafari charter reys orqali uchib ketdi.

Alohida ta’kidlanishicha, pandemiya davrida Koreya Respublikasiga kirib borish uchun ruxsat olish rozilik bitimini to‘ldirishdan oldin karantinda saqlash joyini ish beruvchi bilan aniqlashtirish hamda rozilik bitimiga haqqoniy ma’lumotlarni kiritish, karantin joyi korxona joylashgan hududda bo‘lishi lozim. Ish beruvchining mehnat migrantini chaqirish haqidagi rozilik xati qo‘llab-quvvatlanadi.

Noto‘g‘ri berilgan ma’lumotlar fuqaroning Koreya Respublikasiga kirib borolmasligiga hamda ushbu mamlakat hududiga kirish uchun taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkin.