Jizzax viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar soni ortib borayotgani tufayli Jizzax shahrida karantin choralari kuchaytiriladi, deya xabar berdi viloyat hokimligi axborot xizmati.

Unga ko‘ra, Jizzaxda quyidagi karantin cheklovlari joriy etiladi:

  1. Jizzax shahriga kirish va chiqishni nazorat qilish uchun qo‘shimcha 7 ta yo‘l patrul xizmati statsionar postlari va blok postlari tashkil etiladi;
  2. Jizzax shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi;
  3. Tashkil etilgan yo‘l patrul xizmati statsionar postlari va blok postlarini pirometrlar (masofadan tana haroratini o‘lchovchi) va o‘tishga ruxsat etilgan avtotransport vositalarini majburiy ravishda dezinfeksiya qilinishi ta’minlanadi;
  4. Jizzax shahridagi “Yoshlar shaharchasi”, “Istiqlol” va “O‘rda” ekologik istirohat bog‘lari faoliyati to‘xtatiladi va fuqarolarning bog‘ hududiga kirishi ta’qiqlanadi;
  5. Jizzax shahrida avtotransport vositalarining maxsus ruhsatnomasiz kunning muayyan vaqtlarida 07.00 dan — 10.00 gacha va 17.00 dan — 20.00 gacha harakatlanishiga ruxsat etiladi;
  6. Jizzax shahrida kunning belgilangan vaqtidan tashqari vaqtlarda barcha transport vositalari (avtobusdan tashqari)ning harakatlanishi to‘xtatiladi va avtobuslar dezinfeksiya qilinadi;
  7. Jizzax shahrida soat 07.00 dan 23.00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish hamda 23.00 dan 07.00 ga qadar ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlansin, bunda faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi munosabati bilan shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun davolash muassasasiga yohud zarur dori-darmon harid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga shaxsiy transport vositasiga ruxsat beriladi;
  8. Jizzax shahridagi “Markaziy dehqon” hamda “Eski shahar dehqon” bozorlari, savdo majmualari (supermarket, minimarket va boshqalar) kirish chiqish joylarida fuqarolarning tana haroratini o‘lchanib, antiseptik vositalar bilan ta’minlanadi;
  9. viloyat hududidagi yirik buyum bozorlari hamda buyum savdosi bilan shug‘ullanadigan yirik savdo majmualari haftaning shanba va yakshanba kunlari sanitariya-dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun yopiladi, Jizzax shahridagi “Ko‘k bozor” dehqon bozori haftaning yakshanba, “Eski shahar” dehqon bozori haftaning har dushanba kuni yopiladi;
  10. Jizzax shahriga boshqa hududlardan kirib kelayotgan barcha transport vositalari, tovar va yuklar majburiy ravishda dezinfeksiya qilinadi;
  11. Davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillarini qabul qilish, ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkon qadar “onlayn” rejimga o‘tkaziladi;
  12. Jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati ob’ektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan doimiy ravishda foydalanishi hamda barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak"lar bilan ta’minlanadi;
  13. Qurilish-ta'mirlash ishlarida ob’ektlar hududi to‘liq karantinga olinadi;
  14. Jizzax shahridagi barcha savdo shoxobchalari, choyxona, restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish joylari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari hamda o‘quv kurslari faoliyati karantin tadbirlari tugagunga qadar to‘xtatiladi.

Mazkur qaror talablarini buzgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, avavalroq Jizzaxda shahar hokimligi xodimida koronavirus aniqlangani sababli hokimlik binosi karantinga olingani haqida xabar bergandik.