Moliya vaziri Timur Ishmetov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida, mustaqil xorijiy direktorlar orqali davlat banklari rahbarligini nazorat qilish tizimi joriy etilganini ma’lum qildi.

6 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Bank tizimini isloh qilish bo‘yicha 2020−2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyani amalga oshirish va tijorat banklari konversiyasini tezlashtirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda banklar portfelidagi muammoli kreditlar ulushi bir necha baravar ko‘payishi mumkinligini ko‘rsatadigan stress-test natijalari muhokama qilindi. 1 oktyabrdan keyin ba’zi korxonalar kreditlarga xizmat qila olmasligi taxmin qilinmoqda.

Davlat rahbari mintaqalar bo‘yicha muammoli kreditlarni tahlil qilishni va kredit portfellari sifatini saqlab qolishning samarali mexanizmini yaratishni topshirdi.

Timur Ishmetov koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan inqiroz tufayli tadbirkorlar uchun bank kreditlari muddatlari uzaytirilganini, shuningdek yangi kreditlar berilganini ta’kidladi. Ammo, shu bilan birga, agar vaziyat shunday davom etadigan bo‘lsa va banklar tomonidan tegishli choralar ko‘rilmasa, muammoli kreditlar ulushinining ko‘payish xavfi mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Moliya vazirligiga banklardagi davlat ulushining aksiyadori sifatida, kuzatuv kengashidagi mustaqil a’zolar orqali ular ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

«Bugungi kungacha davlat banklari kuzatuv kengashlariga jami 14 nafar chet ellik mustaqil direktor jalb qilingan. Hozirda yana 11 kishi bilan muzokara olib borilmoqda. Yaqin kunlarda davlat banklari kuzatuv kengashlarida 25 nafar chet ellik mustaqil a’zolar bo‘ladi. Va yil oxiriga qadar biz kuzatuv kengashlaridagi bunday chet ellik mustaqil a’zolarning ulushini kamida 30% gacha oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik», — dedi Moliya vazirligi rahbari.

Banklarni boshqarish ustidan nazorat Moliya vazirligiga bevosita bo‘ysunuvchi mustaqil direktorlar orqali kuchaytiriladi.

«Banklarning har qanday siyosati — bu valyuta siyosati bo‘lsin, kredit siyosati bo‘lsin yoki biznes-siyosati — kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bunday professional mustaqil direktorlar bizga bunday tizimni yaratishda yordam beradi», — deya ta’kidladi vazir.

Moliya vazirligi rahbari ba’zi davlat banklarining filiallarida kredit berish paytida korrupsiya holatlari mavjudligini tan oldi.

«Ayrim yirik kreditlar tushunarsiz holda tijorat banklar tomonidan tasdiqlanib, chiqib ketgan. Bular muammoli kreditlarga sabab bo‘lmoqda. Aytishimiz mumkinki, bu yetarli darajada nazoratning yo‘qligi bilan bog‘liq», — dedi u.

Mustaqil a’zolar orqali nazorat tizimini joriy etish bank ishida mas’uliyatni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, bu orqali banklar rahbariyati ustidan nazoratni kuchaytirish, banklarning to‘g‘ri ishlashini rag‘batlantirish va qoidabuzarlarni jazolash ko‘zlanmoqda.