Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan 86 yoshli bemor yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Chilonzor tumanida yashovchi 86 yoshli Z.R. joriy yil 19 iyun kuni qon bosimi yuqoriligi, nutqi o‘zgarishi, qo‘l va oyoqlardagi kuchsizlik sabab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

27 iyun kuni ahvoli og‘irlashganligi sababli ushbu markazning reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.

Unga insult, bosh miya shishi, gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

Koronavirusga chalingan ushbu bemor (ayol) 20 yildan ortiq vaqt mobaynida gipertoniya kasalligi bilan og‘rib kelgan.

Markaz mutaxassislari tomonidan qator konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilib, davolashning doimiy nazorati ta’minlangan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor miya shishi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

SSV bemorda qachon koronavirus aniqlanganiga aniqlik kiritmadi.

Kun davomida Toshkentda uch nafar koronavirus bemorlarining o‘limi to‘g‘risida xabar qilindi.