O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlarni Rossiya va Qozog‘iston chegaralari ochilgani haqidagi xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi.

“So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda va ommabop messendjerlarda Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi chegarasi ochilgani va Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston orqali o‘z vatanlariga qaytishlari mumkinligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, shaxsiy transporti orqali yo‘lovchi tashuvchi shaxslar Rossiya-Qozog‘iston davlat chegarasigacha yetkazib qo‘yish uchun yo‘lovchilar yig‘ayotganlari, hamda chegarani kesib o‘tishda „yordam berishga“ va’da berib reklamalar tarqatishmoqda”, — deb yozadi TIV.

Vazirlik provokatsiyalarga berilmaslikni so‘radi va Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan karantin cheklovlari o‘z kuchida qolayotgani haqida eslatdi.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Samara viloyatining Bolshaya Chernigovka qishlog‘ida, Orenburg viloyatining Buzuluk tumani va Sol-Iletsk shahrida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi yana kuzatilmoqda. Vazirlikning ta’kidlashicha, aksariyat fuqarolar Rossiyaning turli burchaklaridan kelgan va o‘z vatanlariga Qozog‘iston hududi orqali qaytish niyatida.

“Biz yana bir bor Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan provokatsiyalarga berilmasliklarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmasliklarini, mavjud yashash joylarida qolishni va karantin choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Pandemiya sharoitida fuqarolarning chegarada to‘planib qolishi kasallanish xavfi yuqori bo‘lgan odamlar guruhida virus yuqtirish xavfini oshiradi, deya ta’kidlaydi TIV.