27 iyun kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan siam egizaklari ko‘p sonli tug‘ma rivojlanish nuqsonlar borligi sababli vafot etishdi, deya xabar berdi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 25 iyun kuni fuqaro M.Ch. homilaning 38 xaftaligi bilan Samarqand viloyati Perinatal markaziga murojaat qilgan hamda 27 iyun, shanba kuni undan siam egizaklari dunyoga kelgan.

Chaqaloqlarda nafas va yurak yetishmovchiligi borligi, ularga doimiy namlangan va ilitilgan kislorod bilan nafas olishi hamda tajribali mutaxassislar nazoratida bo‘lishi zarurligi sababli egizaklar 29 iyun kuni Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga o‘tkazilgan edi.

«6 iyul kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan, chaqaloqlarda ko‘p sonli tug‘ma rivojlanish nuqsonlar borligi sababli dastlab soat 7:50 da siam egizaklarining birinchisi, 10:50 da esa ikkinchisi nafas va yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etdi», — deyiladi xabarda.