O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning 172 nafarida pnevmoniya jarayoni kechmoqda, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasining dunyo mamlakatlari aholisi orasida tarqalishi yanada shiddatli tus olayotgani haqida ogohlantirmoqda. Qo‘shni mamlakatlarda ham so‘nggi kunlarda aholi orasida kasallanganlar soni keskin ko‘paygan. Oqibatda tibbiyot tizimi katta bosim bilan ishlamoqda, joy va dori-darmon taqchilligi yuzaga kelgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekistonda ham oxirgi kunlarda aholi orasida kasallik qayd etilishi sezilarli darajada oshgan. Kasallik qayd etilgan va davolanayotgan 3524 nafar bemorning 172 nafarida pnevmoniya jarayoni kechmoqda. Bemorlarning 285 nafarining ahvoli o‘rta og‘ir, 25 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bemorlarning 6584 nafari sog‘aygan bo‘lsa, o‘lim ko‘rsatkichi 35 nafarga yetdi.

“Yurtimizda koronavirus bilan bog‘liq har qanday xavotirli holatga qarshi oldindan zarur choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da, koronavirus yuqtirganlarning oshib borayotgani barchamizni xushyor torttirishi lozim”, — deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan tiyilishlarini, va albatta, ijtimoiy masofa saqlash, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqobni to‘g‘ri taqish kabi karantin qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘radi.