Markaziy bank 2020 yil aprel-iyun oylari mobaynida O‘zbekiston bank tizimida naqd pullar aylanmasi 14,6 trln so‘mga teng bo‘ldi va bu ko‘rsatkich koronavirus pandemiyasi ta’sirida shakllandi. Bu haqda bank o‘zining “Naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharh"ida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2020 yil aprel-iyun oylarida O‘zbekiston bank tizimida naqd pullar aylanmasi koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar ta’sirida shakllangani ta’kidlandi.

Jumladan, mart oyining ikkinchi yarmidan e’lon qilingan karantin talablarining may oyiga kelib biroz yumshatilishi natijasida iqtisodiyot sub’ektlarining faollashuvi banklar kassalari orqali naqd pullar aylanmasi dinamikasiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.

“2020 yil aprel oyida banklar kassalariga naqd pul tushumining mart oyiga nisbatan qariyb 41 фоизга kamayishi kuzatilgan bo‘lsa, iyun oyida aprelga nisbatan 85 фоизга ko‘payib, 14,6 trln so‘mni tashkil etdi. Biroq, iyun oyidagi ko‘rsatkich karantin sharoitidan oldingi davrdagi holatdan (yanvarda — 15,8 trln so‘m) biroz kamligicha qolmoqda. Shuningdek, bu ko‘rsatkich epidemiologik holatning yaxshilanishi va karantin talablarining yumshatilishi ortidan keyingi oylarda ijobiy tomonga o‘zgarishini kutish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi (mlrd so‘mda)

Manba: Markaziy bank

Naqd pul tushumlarining iyun oyida aprelga nisbatan o‘sish hajmining qariyb 3,5 trln so‘mi savdo va pullik xizmatlardan, 1,4 trln so‘mi bank xizmatlari bo‘yicha tushumlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Bu “yashil” va “sariq” hududlardagi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyatining qayta tiklanishi hamda avtomashinalar harakatiga nisbatan ta’qiqlarning yumshatilishi, shuningdek, aholi tomonidan bo‘sh mablag‘larni bank omonatlariga, kreditlarning qaytarilishiga hamda naqd chet el valyutasini sotib olishga yo‘naltirilishi hisobiga yuzaga kelgani ma’lum qilindi.

Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi (mlrd so‘mda)

Manba: Markaziy bank

Sharxga ko‘ra, aprel oyida banklar kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar mart oyiga nisbatan 35 фоизга kamayishi kuzatilgan bo‘lsa, iyun oyida bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan 53 фоизга ko‘payib, 14,8 trln so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, naqd chet el valyutasini sotib olish deyarli koronovirus epidemiyasidan oldingi davrdagi holatga yaqinlashgan — 3,7 trlndan 3,1 trlngacha. Bu ko‘rsatkich aprel oyidan ikki baravarga oshgan (1,5 dan 3,1 trlngacha).

Naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning tarkibiy dinamikasi (mlrd so‘mda)

Manba: Markaziy bank

“Karantin sharoitida pensiya va nafaqa to‘lovlari, byudjet tizimi tashkilotlari, shuningdek, faoliyatini to‘xtatmagan strategik korxonalar xodimlarining ish haqlarining to‘lab borilishi natijasida banklardan ushbu maqsadlar uchun naqd pullar chiqimi nisbatan barqaror saqlanib qoldi”, — deyiladi Markaziy bank sharhida.

Banklardan naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning maqsadlari bo‘yicha tarkibiy dinamikasi (mlrd so‘mda)

Manba: Markaziy bank

Markaziy bankning xabarida qayd etilishicha, iyun oyida bank kartalariga jami 15,9 trln so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 6,1 trln so‘m aholi tomonidan naqdlashtirib olindi.


Bank kartalariga kelib tushgan mablag‘lar va ularni naqdlashtirish hajmi dinamikasi (mlrd so‘mda)

Manba: Markaziy bank