Koronavirus infeksiyasiga chalingan toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Uchtepa tumanida yashovchi A. bir necha kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik bo‘lishiga qaramasdan shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmasdan, uy sharoitida davolanib yurgan.

2 iyul kuni Respublika ixtisoslashtirilgan Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va tekshiruv natijasiga ko‘ra, pulmonolog tavsiyasiga asosan Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yuborilgan.

«Bemorga „ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 2-daraja, semizlikning 3-darajasi“ tashxisi qo‘yilgan. Unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, koronavirus infeksiyasiga chalingan 67 yoshli toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgandi.