O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari COVID-19 RNKsini ajratishga mo‘ljallangan diagnostik to‘plam ishlab chiqishdi, deya xabar qildi O‘zFA matbuot xizmati.

Ushbu to‘plam o‘ziga xosligi, ayniqsa, kam vaqt talab qilishi, qulayligi va arzonligi kabi ustunliklarga ega. U akademiyaning O‘simlik moddalari kimyosi instituti xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan.

SARS-CoV-2 virusi RNKsini ajratishga mo‘ljallab ishlab chiqilgan ushbu to‘plam dunyoda ishlab chiqariladigan analoglari bilan taqqoslanganda sezgirligi, o‘ziga xosligi, ayniqsa, kam vaqt talab qilishi (1 soat), qulayligi va arzonligi (kamida 30 foizga arzonroq) kabi ustunliklarga ega, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, uning klinik sinovlari Sog‘liqni saqlash vazirligi laboratoriyalarida, shu jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining maxsus laboratoriyasida o‘tkazilgan va ijobiy natijalarni ko‘rsatgan.

U ENKOR nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va keng ko‘lamda ishlab chiqarish uchun ruxsat berilgan.
Bundan tashqari, ushbu to‘plam yordamida gepatit V, gepatit S, odam immun tanqisligi virusi (VICH) RNK/DNKsini ajratish mumkin.