Mashhur aralash yakkakurash jangchisi, UFCning yengil vazn toifasidagi chempioni Xabib Nurmagomedovning otasi va murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedov Moskvada vafot etdi, deya xabar beradi Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov o‘z Telegram kanalida.

“Do‘stlar, menga qayg‘uli xabarlar yetib keldi. Abdulmanap Nurmagomedov bu dunyoni tark etdi. Men butun chechen xalqidan Abdulmanap Magomedovichning oilasiga samimiy hamdardlik bildiraman! U yaxshi nom, munosib avlodni voyaga yetkazib, bizni tark etdi! Bu Allohning irodasidir va bu taqdir!”, — deb yozdi Checheniston rahbari.

Eurosport xabar berishicha, 25 aprel kuni Abdulmanap Nurmagomedov ikki tomonlama pnevmoniya bilan kasalxonaga yotqizilgan. Keyinchalik u insult va yurak jarrohligini boshidan kechirib, komaga tushib qolgandi. Ta’kidlanishicha, unga koronavirus tashxisi qo‘yilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xabib Nurmagomedovga telefon qilib hamdardlik bildirgani ma’lum qilinadi.

Ma’lumot uchun, Abdulmanap Nurmagomedov 1962 yili Dog‘istonda tug‘ilgan. U dzyudo va sambo bo‘yicha Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy va jangovar sambo bo‘yicha Dog‘iston terma jamoasi katta murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, 2019 yil sentyabr oyida Abdulmanap Nurmagomedov jangovar sambo bo‘yicha eng ko‘p chempionlarni tarbiyalagani uchun Rossiya rekordlar kitobiga kiritilgan. U 18 jahon chempionini tarbiyalagan.