Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi va Xalqaro Shodiyev fondi (ICF) Moskvada koronavirus pandemiyasi sharoitida mehnat migrantlarini tibbiy qo‘llab-quvvatlash dasturini boshladi. Bu haqda agentlikning matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ushbu dastur doirasida COVID-19 kasalligi bilan aloqada bo‘lgan yoki birga yashab kelgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari, shuningdek o‘tkir respirator virusli infeksiya belgilari bo‘lganlar, kasallik va infeksiyaga qarshi antitanachalar mavjudligini bepul tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Xabarga ko‘ra, tekshirish natijasida infeksiyaga ega bo‘lmagan yoki koronavirusga qarshi antitanachasi bo‘lgan migrantlarga ish joyiga qaytish uchun rasmiy tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Shuningdek, salbiy natijaga ega bo‘lgan, ammo o‘tkir respirator virusli infeksiya alomatlari bo‘lgan migrantlar tibbiy yordam va dori-darmonlardan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bunda, koronavirus infeksiyasi aniqlangan migrantlar Rossiyaning sanitariya-epidemiologiya qoidalariga muvofiq holda, davlat tibbiy muassasalarida karantinga olinadilar va kerakli muolajalardan o‘tadilar. Shu bilan birga, kasallarning holati davolanish davomida kuzatiladi va ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

Xabarda ta’kidlanishicha, ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Xalqaro Shodiyev fondi tibbiy xizmatlarni taqdim etish va sinov to‘plamlari va dori-darmonlarni sotib olish uchun mablag‘ ajratadi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi mehnat migrantlari ro‘yxatlarini tashkil qilib, tibbiyot muassasalariga taqdim etadi. Dastur doirasida tibbiy guruhlar vakolatxona tomonidan tasdiqlangan muassasalarga, masalan, kamida 15−20 migrant istiqomat qiladigan yotoqxonalarga tashrif buyuradilar.

Diplomatik vakolatxona rahbari Saidno‘'mon Mansurovning ta’kidlashicha, loyiha vatandoshlar va ular bilan aloqada bo‘lgan odamlar orasida infeksiyani, shuningdek, og‘ir kasalliklar va o‘limni oldini olish uchun mo‘ljallangan. “Sinov natijalari to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish, imkon qadar tezroq o‘z ishini tiklamoqchi bo‘lganlarga katta yordam beradi”. — dedi u.

Test sinovlari uchun arizalar Diplomatik vakolatxona tomonidan +7 925 957 56 46 telefon raqami orqali qabul qilinadi.