Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi guvohnomalarga majburiy almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Ularni 20 daqiqa mobaynida YHXB Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlarida (manzillar) va davlat xizmatlari markazlarida almashtirish mumkin. Kutish vaqti navbatga bog‘liq.

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini almashtirish arizasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)da ham to‘ldirsa bo‘ladi. Ko‘pgina haydovchilar karantin cheklovlari sharoitida ushbu xizmatdan foydalanishni ma’qul ko‘rishlari mumkin.

Ushbu xizmatdan Toshkentning Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Chilonzor va Yashnobod tumanlari, Buxoro, Jizzax, Qo‘qon, Navoiy, Namangan, Termiz, Farg‘ona, Xiva va Chirchiq shaharlari, shuningdek, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari, Jizzax viloyat Do‘stlik tumani, Buxoro viloyat Qorako‘l tumani, Andijon viloyat Andijon tumani va Farg‘ona viloyat So‘xd tumanlari aholisi foydalanishlari mumkin.


Ariza beruvchilar tayyor guvohnomalar uchun davlat xizmatlari agentligiga kelishlari kerak xolos. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali sayti orqali qanday qilib ariza berish kerakligini batafsil tushuntiramiz.

Muhim ma’lumot: YHXB ma’lumotlar bazasida barcha guvohnomalarning to‘liq ma’lumotlari mavjud emas. Bu haqida faqatgina ariza berilganidan so‘nggina bilish mumkin. Odatda, ma’lumotlar bazasida 2006 yil guvohnoma namunalari mavjud. Agar guvohnoma oldinroq berilgan bo‘lsa, arizani onlayn tarzda topshirish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Bu vaziyatda davlat xizmatlari markaziga yoki Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlariga borish kerak bo‘ladi.

YAIDXPda ro‘yxatdan o‘tish

(Agar siz YAIDXPda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz yoki sizda ERI bo‘lsa, darhol pastdagi «Haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish» bo‘limiga o‘tishingiz mumkin.)

1. my.gov.uz saytiga kiring va «Ro‘yxatdan o‘tish»ni tanlang. Tizim sizni avtomatik tarzda id.gov.uz saytiga o‘tkazadi.


2. Fuqarolik to‘g‘risidagi ma’lumotni ko‘rsatib, elektron raqamli imzo (ERI)siz ro‘yxatdan o‘tish usulini tanlang. Agar sizda ERI bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tishingiz shart emas.


O‘zingizning shaxsiy identifikatsiya raqamingizni (JSHSHIR) kiriting. Uni pasportdan topish mumkin: u pastki qatorda joylashgan va 14 ta raqamdan iborat. Keyin seriya va pasport raqamini ko‘rsating.


3. Shundan so‘ng, Sizning pasport ma’lumotlaringiz avtomatik ravishda ko‘rsatilgan sahifaga o‘tasiz. Keyin kontakt ma’lumotlarini to‘ldirishingiz lozim: login, parol, ro‘yxatdan o‘tganlik bo‘yicha manzil (u avtomatik tarzda ko‘rsatiladi), elektron pochta manzilini va tasdiqlash kodi SMS xabar bilan yuboriladigan mobil telefon raqamingizni kiritishingiz kerak. Tasdiqlash kodi tegishli oynaga kiritilganidan so‘ng ro‘yxatdan o‘tish tugallanadi.


Tizim foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tish tugaganligi to‘g‘risida xabardor qiladi, akkaunt holati «haqiqiy» bo‘lmaydi. Ma’lumotlarni tasdiqlash uchun elektron raqamli imzoning (ERI) shaxsiy sertifikatini taqdim etish kerak. U har qanday davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladi. ERIni shuningdek e-imzo saytida onlayn olish mumkin. Ma’lumot uchun, «Gazeta.uz» ERIni onlayn olish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgan edi.

Guvohnomani almashtirish uchun ariza berish

Haydovchilik guvohnomalari 10 yil muddatga beriladi. 2022 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi haydovchilik va avtomotoransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi yaroqsiz hisoblanadi.

1. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, my.gov.uz saytiga qaytib, shaxsiy kabinetingizga kiring (Menyudagi «Kirish» bo‘limi).


2. Qidiruv satriga «haydovchilik guvohnomalarini» so‘zini kiriting.


«Haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish» xizmatini tanlang.


Keyingi sahifada «Xizmatdan foydalanish» tugmasini bosing.


3. So‘ng ariza shaklini ikki bosqichda to‘ldirish kerak: tizim avtomatik ravishda ariza beruvchining JSHSHIRni, ismi sharifini va propiska bo‘yicha yashash manzilini kiritadi.


Foydalanuvchilar yashab turgan davlat, viloyat va tuman haqidagi ma’lumotlarni va istiqomat qilayotgan uy raqamini kiritishlari zarur.

4. Shundan so‘ng, haydovchilar to‘ldirish shart bo‘lgan bo‘limlarga quyidagi ma’lumotlarni kiritishlari kerak bo‘ladi:

eski haydovchilik guvohnomasi kim tomonidan berilganligi;

eski haydovchilik guvohnomasi seriyasi;

eski haydovchilik guvohnomasi raqami;

oldingi guvohnomaning berilgan sanasi;

shaxsiy telefon raqami.


5. Keyin, guvohnoma kategoriyasini tanlab, arizani yuborish kerak bo‘lgan ikkinchi bosqichga o‘ting.


Keyingi sahifada kategoriya turi, kategoriya berilgan sana va kategoriya bo‘yicha alohida belgilar (agar bo‘lsa) to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.

Kategoriya to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilganidan keyin, «Soxranit» («Saqlash») tugmasi bosiladi va tizim sizni oldingi sahifaga qaytaradi. Unda siz ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, «Yuborish» tugmasini bosasiz.


6. Shundan so‘ng, ariza beruvchining ko‘rsatilgan elektron manziliga va telefon raqamiga uning arizasi qabul qilinganligi, shuningdek elektron xizmatlar (Click, Payme, Upay, Paynet va boshqalar) yoki bank orqali to‘lanishi mumkin bo‘lgan hisob rekvizitlari ko‘rsatilgan so‘rovnomaning «To‘lov amalga oshirilishi kutilayotgan» holati tasdiqlanganligi to‘g‘risida xabar kelishi kerak.

Xizmat narxi 0,7 bazaviy hisob miqdorini 0,7 (156 100 so‘m) tashkil etadi. Invoysning amal qilish muddati cheklanmagan.

7. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, ariza beruvchi yangi namunadagi guvohnomani olish uchun yuqoridagi ro‘yxatda keltirilgan eng yaqin davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi mumkin. Bunda eski namunadagi guvohnomani taqdim etish shart. Bu yerda ular suratga tushishni taklif qilishadi. Vaqtni tejash maqsadida operatordan ma’lumotlar bazasida saqlanadigan pasportdagi fotosuratdan foydalanishni so‘rash mumkin.