2019 yilda 53,6 mln dona kompyuter, noutbuk, kompyuter qurilmalari, mobil telefonlar, televizorlar, muzlatgichlar va boshqa maishiy texnika vositalari chiqindiga tashlangan. Xalqaro elektroaloqalari ittifoqining (XEI) hisobotiga ko‘ra, bu besh yil oldingiga qaraganda 21 foizga ko‘pdir, deya xabar berdi BMT yangiliklar markazi.

Elektronika chiqindilarining eng katta hajmi Osiyo mamlakatlaridan chiqmoqda — qariyb 24,9 mln tonna. Bu ko‘rsatkich Shimoliy va Janubiy Amerikada 13,1 mln tonnani va Yevropada 12 mln tonnani tashkil qiladi. Nisbatan kambag‘al mamlakatlarda boshqalarga qaraganda bunday chiqindilar kam chiqadi: Afrika va Okeaniyada mos ravishda 2,9 mln va 0,7 mln tonna.

2030 yilga kelib, elektronika chiqindilari hajmi 74 mln tonnaga yetishi mumkin, ya’ni bor-yo‘g‘i 16 yil ichida ikki baravar ko‘payadi. Umuman olganda, maishiy texnikalarda elektr chiqindilar ko‘proq hisoblanadi. Ko‘pincha odamlar uchun eski uskunalarni ta’mirlashdan ko‘ra yangi mahsulot sotib olishlari osonroq va arzonroq, deyiladi hisobotda.

“So‘nggi besh yil ichida elektronika chiqindilari dunyo aholisiga nisbatan uch baravar va global YAIMga nisbatan 13 foizga tezroq o‘sdi”, — dedi XEAI vakili Dorin Bogdan-Martin. Uning ta’kidlashicha, elektronika axlatlari tog‘larining paydo bo‘lishi — to‘rtinchi sanoat inqilobining oqibati.

Xalqaro elektronika aloqalari ittifoqi mutaxassislari elektronika chiqindilari atrof-muhit va inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirmoqda. Axlatxonaga tashlangan ko‘plab qurilmalarda inson miyasi yoki harakatlanish tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan zaharli elementlar yoki zararli moddalar, masalan simob mavjud.

Bugungi kunda elektr chiqindilarining atigi 17,4 foizi odamlar uchun xavfsiz sharoitlarda rasmiy ravishda qayta ishlanmoqda. Qolgan jihozlar axlatxonalarga tashlanadi. Ular orasida oltin, kumush, mis, platina va boshqa qimmatbaho materiallar ham uchraydi. Ularning umumiy qiymati 57 milliard dollar deb baholanadi, bu ko‘pgina mamlakatlarning yalpi ichki mahsulotining hajmidan ko‘pdir.