Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman ichki ishlar bo‘limining mayor unvonidagi mas’ul xodimi “Chinobod neft baza” MCHJ filialiga ishga joylashtirishga va’da qilib, 10 ming dollar olayotganda ushlandi, deya xabar qildi “O‘zbekiston 24” telekanali.

Lavhada qayd etilishicha, IIB xodimi fuqaroni “Chinobod neft baza” MCHJ filiallaridan biriga rahbarlikka tayinlanishida yordam berishini aytib, buning uchun 50 ming dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida u Toshkentdagi IIV Markaziy gospitali yaqinida kelishilgan puldan 10 ming dollarini olayotganda ushlangan.

Bundan tashqari, DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi viloyat IIB bilan hamkorlikda Samarqand davlat universiteti xodimini 2020−2021 o‘quv yili uchun qabul komissiyasi a’zosi hisoblangan katta o‘qituvchi bilan ikki nafar abituriyentdan OTMga kiritib qo‘yishda yordamlashish evaziga 6000 dollar olayotganda ushlandi.

“O‘zbekiston 24” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti o‘qituvchisi ikki fuqarodan davlat granti asosida ushbu universitetga o‘qishga kirish uchun har biridan 5000 dollar so‘ragan. U avans sifatida 2000 AQSH dollarini oldindan olayotganda ushlangan.

Telekanal lavhasida Toshkent shahar hokimligi kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va Chilonzor tumani hokimligi bo‘lim boshlig‘i 1 gektar yer uchun 1,4 million dollar qiymatidagi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 50 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotganda ushlangani ham qayd etib o‘tildi.

Ma’lum bo‘lishicha, gap Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uylar o‘rtasidagi foydalanilmayotgan yer haqida bormoqda.