Project Hope (AQSH) xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga gumanitar yordam yubordi, deya xabar berdi «Dunyo».

30 iyun kuni Uzbekistan Airways maxsus bortida shaxsiy himoya vositalari, antiseptik va dezinfeksiyalash vositalari, koronavirusni aniqlash uchun 20 mingga yaqin testlar, shuningdek, umumiy qiymati 600 ming dollarga teng defibrillyator va kardiomonitorlar keltirildi.

Iyul oyi boshida AQSHning Globus Relief nodavlat tashkiloti tomonidan yuborilgan 800 ming dollarga teng — ikki konteyner dori-darmon va 2000 dan ortiq turdagi mahsulotlar yetkazib berish rejalashtirilgan.

AQSHning yana bir nodavlat tashkiloti «Yordam ko‘rsatish va taraqqiyot bo‘yicha adventistik agentligi» 400 ming dollarlik oziq-ovqat, guruch, o‘simlik moyi, dukkakli ekinlar, tuz, shakar va go‘sht mahsulotlarini O‘zbekistonning muhtoj aholisiga berish loyihasini boshladi.

Barcha mahsulotlar mamlakat bozorlari va supermarketlarida sotib olinadi va butun respublika bo‘ylab tarqatiladi, shu jumladan, Sirdaryo viloyatidagi suv toshqinidan jabr ko‘rganlar orasida ham.

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi AQSHning bir qator xayriya tashkilotlari bilan uchrashuvlarida O‘zbekistonga 1,8 million dollarlik gumanitar yordam ko‘rsatish to‘g‘risida kelishuvga erishildi, deyiladi xabarda.