MAN yuk avtomashinasi va Malibu yengil avtomashinasi to‘qnashuvi oqibatida 3 kishi vafot etdi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamentining matbuot xizmati.

Xabarda ma’lum qilinishicha, 1 iyul kuni soat 12:00 da Samarqand tumani Andijon mahallasi hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1095 kilometrida 51 yoshli T.T.ning boshqaruvida bo‘lgan “MAN” rusumli yuk avtomashinasi va 49 yoshli Z.J. boshqaruvida bo‘lgan “Malibu” rusumli avtomashina to‘qnashgan.

YTH natijasida “Malibu” avtomashinasining yo‘lovchilari 50 yoshli M.K., 51 yoshli J.S. va 48 yoshli A.A. lar olgan tan jarohatlari bilan hodisa joyida vafot etganlar.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilinadi.

“Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.