3 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 9199 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 69 nafari Surxondaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 48 nafari Toshkent shahrida (shundan 32 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 16 nafari aholi orasida), 4 nafari Toshkent viloyatida (shundan 1 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 3 nafari aholi orasida) aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 3138 kishi davolanmoqda. Ulardan 16 nafari og‘ir, 8 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 6034 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. Yigirma yetti nafar kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Eslatib o‘tamiz, 2 iyul kuni O‘zbekistonda 297 ta koronavirus holati aniqlanib, umumiy ko‘rsatkich 9078 taga yetgandi. Kunlik o‘sish borasida yangi rekord qayd etilgan edi.

Shuningdek, prezident qaroriga binoan Jahon banki ishtirokida umumiy qiymati 106,7 mln AQSH dollarilik COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish loyihasi amalga oshiriladi.