Buxoro viloyatida Cobalt avtomobili yuk mashinasining orqa qismiga borib urilishi oqibatida uch kishi vafot etgan, deya xabar beradi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining matbuot xizmati.

1 iyul kuni soat 07:00 da haydovchi 21 yoshli H.S. boshqaruvida bo‘lgan Cobalt rusumli avtomashinada Buxoro viloyat Peshko‘ tumani hududidan o‘tuvchi A-380 yo‘lida o‘zi bilan bir yo‘nalishda, oldinda harakatlanib borayotgan 52 yoshli Yu.Sh., ning boshqaruvida bo‘lgan “Mercedes-Benz 1841 LS” rusumli yuk avtomashinasining orqa qismiga urilib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.

Natijada Cobalt haydovchisi H.S. va yo‘lovchi sifatida ketayotgan 22 yoshli S.Y. hamda 50 yoshli P.N., lar hodisa joyida vafot etishgan.

Holat yuzasidan Peshko‘ tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (yo‘l harakati xavfsizligi yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.