Prezident qaroriga binoan Jahon banki ishtirokida COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish loyihasi amalga oshiriladi, deya xabar berdi Adliya vazirligining matbuot xizmati.

«Loyihaning maqsadlari O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish uchun sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, karantin tadbirlari amal qilishi davrida kam ta’minlangan oilalar va ishsizlarga vaqtinchalik nafaqalar berish tizimini kengaytirish hisoblanadi», — deyiladi qarorda.

Sog‘liq saqlash vazirligi bir oy muddatda ushbu loyiha doirasida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun sotib olinadigan tibbiy buyum, tibbiy texnika va jihozlar ro‘yxati tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qarorga muvofiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi loyiha doirasidagi mablag‘lar hisobidan ishsizlik bo‘yicha nafaqalarning manzilli ajratilishini ta’minlaydi.

Qarorda ma’lum qilinishicha, mazkur loyihaning umumiy qiymati 106,7 mln AQSH dollariни tashkil etadi. Bunda Jahon banki tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish uchun 30 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan jami 95 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari ajratiladi.

O‘zbekistonning ulushi esa jami 11,75 mln dollarni, jumladan 6,88 mln dollar miqdoridagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda 4,87 mln dollar investitsiya davri mobaynidagi O‘zbekiston respublika byudjetidan amalga oshiriladigan to‘lovlarni tashkil etadi.

Mablag‘ning aksariyati uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash (qariyb 57 mln dollar) va Milliy sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan tibbiy diagnostika va davolash asbob-uskunalarini va jihozlarni shoshilinch xarid qilishga (37,5 mln dollar) sarflanadi.

Qarorda ta’kidlanishicha, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklari Xalqaro taraqqiyot uyushmasining (XTU) kreditidan maqsadli foydalanish hamda loyihani samarali amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi. Bunda, XTU kreditidan samarali foydalanishni monitoring qilish Vazirlar Mahkamasining tegishli kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.

XTU krediti bo‘yicha qarzni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, komission va boshqa xarajatlar bo‘yicha to‘lovlar respublika byudjetidan qoplanadi.

Qarorda keltirilgan JB tomonidan ajratiladigan qarzni so‘ndirish prognoz jadvaliga ko‘ra, O‘zbekiston 2049 yilga kelib ushbu 95 mln dollarlik qarzni 141,2 mln dollardan ortiq qilib qaytarib beradi. Bunda, qarz bo‘yicha foiz stavkasi 1,25% va xizmat ko‘rsatish komissiyasi 0,75 foiz tashkil etadi.

Qaror bilan «O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish» loyihasi parametrlari tasdiqlandi.