25 iyundan 1 iyulgacha bo‘lib o‘tgan referendumda ovoz berganlarning deyarli 78 foizi Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishni qo‘llab-quvvatladi, deya xabar berdi mamlakat Markaziy saylov komissiyasi.

Ta’kidlanishicha, ovoz bergan Rossiya fuqarolarining 21,27 foizi mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga qarshilik bildirdi va 77,92 foizi esa rozi bo‘ldi. Ovoz berish jarayonida ro‘yxatdan o‘tganlarning 65 foizi ishtirok etgan.

RIA Novosti xabar berishicha, Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova ovoz berish jarayonida jiddiy qonunbuzarliklar qayd etilmaganligini aytib o‘tdi.

Ma’lumotga ko‘ra, umummilliy ovoz berish jarayonida 109,1 mlndan ortiq Rossiya fuqarosi ishtirok etgan. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni eng yuqori qo‘llab-quvvatlash Checheniston (97,92%), Tuva (96,79%) va Qrimda (90,07%) qayd etildi. Moskvada 65 foiz, Sankt-Peterburgda esa 77,6 foiz ovoz beruvchilar o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan. Umummilliy ovoz berish natijasiga ko‘ra, birgina Yamalo-Nenets avtonom okrugida 55,25 foizi ovoz beruvchilar o‘zgartirishlarga qarshi chiqdi.

Manba: TASS va Rossiyaning Markaziy saylov komissiyasi

Konstitutsiya kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlar

Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish zarurati to‘g‘risida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yanvar oyida Federal Majlisga yo‘llagan murojaatida ta’kidlab o‘tgandi. 11 mart kuni Davlat Dumasi uchinchi o‘qishda o‘zgartirishlar to‘g‘risida qonunni qabul qilib, 14 mart kuni hujjat prezident tomonidan imzolangandi. Ushbu o‘zgarishlar bo‘yicha umummilliy ovoz berish aprel oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq koronavirus pandemiyasi sababli bu avval 12 iyun, keyin 1 iyul kuniga o‘tkazilishi qoldirilgandi.

“Gazeta.uz” Rossiya konstitutsiyasiga qanday o‘zgartirishlar kiritilayotgani haqidagi maqolani taqdim etadi.

Hukumat tuzumidagi o‘zgarishlar

Konstitutsiyaga kiritiladigan yangi o‘zgartirishlar qatorida ҳукумат tuzumidagi o‘zgarishlar asosiy hisoblanadi. Bunda konstitutsiyaga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilishi belgilangan:

Prezidentlik muddatining nollashtirilishi. Ushbu o‘zgarish bilan Vladimir Putin yana mamlakat prezidentligiga saylanish uchun o‘z nomzodini ko‘rsatish mumkin.

Rossiya fuqarosi prezident lavozimiga ikki martadan ko‘p saylanishi mumkin emasligi. Konstitutsiyaning oldingi tahririda ikki marta “ketma ket” saylanish tartibi bor edi. O‘zgarish Rossiyada fuqarolar hayoti davomida faqatgina ikki marta (jami 12 yil) prezidentlikka saylanishi mumkinligini bildiradi.

Sobiq prezidentlarning daxlsizligi. Mazkur yangi kiritilayotgan o‘zgarish bilan Rossiyada prezidentlikka saylangan fuqaroga nisbatan prezidentligidan so‘ng uning faoliyati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligini va uning shaxsi daxlsiz hisoblanishini nazarda tutadi.

Sobiq prezidentning daxlsizligi faqatgina Davlat Dumasi va Oliy sud qarori bilan bekor qilinishi mumkin. Shu o‘rinda, agarda sobiq prezidentga qarshi har qanday ish qo‘zg‘atilsa ham, faqatgina Davlat Dumasi va Oliy sud qarori bilan bekor qilinishi mumkinligi konstitutsiyaning yangi tahririda belgilanadi.

Konstitutsiyaning 79-moddasiga Rossiya hukumatiga davlatlararo organlarning ba’zi qarorlarini e’tiborsiz qoldirish imkonini beradiган tuzatish kiritilmoqda. Bu davlatlararo organlarning faqatgina Konstitutsiyaviy sud tomonidan Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyasiga zid deb topadigan qarorlarini bajarmaslik imkonini beradi. Shu bilan birga, xalqaro shartnomalarning Rossiya qonunchiligiga nisbatan ustuvorligi rasmiy ravishda o‘z kuchida qoladi.

Prezident muddati tugagach “umrbod Senat a’zosi” lavozimini egallaydi.

Hukumat vazirlarining tayinlanish tartibi o‘zgaradi. Bunda, birinchidan, prezident hukumat rahbarini ishdan ozod qilganda butun hukumat tarqatilmaydi va bosh vazirning prezidentga sarhisobligi paydo bo‘ladi.

Shuningdek, bosh vazir, Federatsiya kengashi, Davlat kengashi, Xavfsizlik kengashi va Konstitutsion sudining vakolatlari kengayishi Bosh qomusga kiritiladigan o‘zgartirishlardan biri bo‘ladi.

Ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar

Eng kam ish haqqi miqdori aniqlashtiriladi. Rossiya Konstitutsiyasida mehnatga layoqatli aholini yashash minimumini eng kam ish haqi miqdori bilan bog‘lash to‘g‘risidagi qoidani o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Oldinroq, ushbu qoida Mehnat kodeksida keltirilgan edi. Bu, o‘z o‘rnida, keyinchalik ushbu normani bekor qilishni qiyinlashtiradi.

Pensiya va ijtimoiy nafaqalarning indekslari aniqlashtiriladi. Bu boradagi o‘zgarish pensiya na ijtimoiy nafaqalarining indeksini (me'yorini) bir yilda kamida bir marta qayta ko‘rib chiqishni va majburiy ijtimoiy kafolatlashni ko‘zda tutadi.

Milliy qadriyatlarning Konstitutsiyaga kiritilishi

“Bizga qadriyatlar va Xudoga ishonchni qoldirgan ajdolar xotirasini hamda Rossiya davlatchiligining rivojlanishidagi uzviylikni saqlagan holda ming yillik tarix bilan birlashgan Rossiya Federatsiyasi tarixan o‘rnatilgan davlat birligini tan oladi”, — Konstitutsiyaning 67 moddasiga ushbu matn qo‘shiladi.

Bundan tashqari, konstitutsiyaga тарихий haqiqat (yangi tushuncha) tushunchasi kiritiladi. Ushbu o‘zgarishda asosan, Ulug‘ Vatan urushidagi ajdodlar jasoratini kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik belgilanadi.

Konstitutsiyaga Rossiya Sobiq Sovet Ittifoqining yagona huquqiy vorisi hisoblanishi kiritiladi. Qayd etilishicha, bu matnni Konstitutsiyaga kiritilishi asosan huquqiy ahamiyatga ega. Chunki xalqaro huquq asosida Rossiya Sobiq Ittifoqning barcha mas’uliyatlarini o‘z bo‘yniga olgan.

Yosh bolalarning ahamiyati (yangi tushuncha). “Bolalar Rossiya davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Davlat bolalarning har tomonlama ma’naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishiga, ularning vatanparvarlik, fuqarolik va katta yoshdagilarni hurmat qilish ruhida tarbiyalanishi uchun shart-sharoit yaratadi. Davlat, oilaviy tarbiya ustuvorligini ta’minlagan holda, ota-onalarning qaramog‘isiz qolgan bolalarga nisbatan javobgarlikni o‘ziga oladi”, — deyiladi yangi kiritiladigan bandda.

Rus xalqining davlat shakllantiruvchi xalq sifatida tan olinishi (yangi tushuncha). Rossiya hududida rus tilining davlat tili maqomi hisobga olinib, bunga asosiy sabab sifatida rus xalqi davlat shakllantiruvchi xalq sifatida ko‘rilishi bildiriladi.

Nikoh asosi sifatida erkak va ayol ittifoqi tushunchasining kiritilishi (yangi tushuncha). Bundan tashqari, ushbu bandga bolalarning oilada munosib tarbiya olishi uchun sharoitlarni yaratish, hamda voyaga yetgan farzandlarning o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini amalga oshirish tushunchalari kiritiladi.

Mamlakatning hududiy yaxlitligi va hududlarning ajralib chiqish huquqi cheklanishi. Bu o‘zgarish bilan Rossiya o‘z hududlarini begonalashtirish bo‘yicha chaqiriqlar va harakatlarga yo‘l qo‘ymasligini bildiradi.