O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish maxsus mobil ilova, ya’ni soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan qo‘llanma orqali, mobil ilovani qanday yuklab olish va ro‘yxatdan o‘tish jarayoni bilan tanishishingiz mumkin. «Gazeta.uz» ushbu qo‘llanmani taqdim etadi.

Soliq organlarida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun smartfon qurilmasiga Play Market orqali «Soliq» mobil ilovasini yuklab olish kerak bo‘ladi.


Ma’lumot uchun, ushbu mobil ilova faqat Android telefonlari uchun mavjud, App Store ga ilova yuklanmagan. Lekin Soliq qo‘mitasi «Gazeta.uz»ga ushbu ilovani iOS operatsion tizimi uchun tez orada ishlab chiqarilishini ma’lum qildi.

Ilovani yuklab olgandan so‘ng, uni oching va «O‘zini o‘zi band qilish» bo‘limini tanlang.

So‘ng, o‘zingizning shaxsiy identifikatsiya raqamingizi (JSHSHIR-PINFL) kiriting yoki elektron raqamli imzo (ERI) kaliti orqali shaxsingizni tasdiqlang.

JSHSHIRni pasportingizdan bilib olishingiz mumkin. JSHSHIRni aniqlash tartibini bilmasangiz, «Yordam kerakmi?» bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.

JSHSHIRni kiritganingizdan so‘ng (agar siz avval soliq organlarida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz), navbatdagi «Shaxsini tasdiqlash» oynasi ochiladi.

Unga telefon raqamingizni kiriting. Shundan so‘ng siz kiritgan telefon raqamiga SMS tarzda tasdiqlash kodi yuboriladi.

Mobil telefoningizga kelgan SMS xabardagi tasdiqlash kodini kiritganingizdan so‘ng, «Ro‘yxatdan o‘tish» tugmasini bosing.

Siz kiritgan ma’lumotlar asosida elektron ariza shakllanadi.

Agar sizning elektron raqamli imzo kalitingiz bo‘lsa, unda «Eri orqali ro‘yxatdan o‘tish»ni tanlang. Bunda jarayon tezroq amalga oshadi. «ERI»ni olish bo‘yicha qo‘llanma.

Ochilgan Ariza oynasida ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan faoliyat turini tanlang. Ba’zi holatlarda, kerak bo‘lsa bir nechta xizmat (ish) turini tanlash mumkin.

Faoliyat turini tanlagandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan faoliyat joyi (tuman yoki shahar)ni tanlashingiz mumkin.

Kiritilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib bo‘lganigizdan keyin, «Ro‘yxatdan o‘tish»ni tanlang. Shundan so‘ng, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kodga ega ma’lumotnoma shakllanadi.

QR kodli ma’lumotnomani xohishga ko‘ra yuklab olib, qog‘oz shaklida chiqarib olish mumkin. Buning uchun «Ma’lumotnoma» oynasidagi «Ko‘rish» yoki «Yuklab olish» bo‘limini tanlashingiz kerak bo‘ladi.

Ma’lumotnomaning namunasi:

Ko‘rsatilgan barcha harakatlarni bajarganingizdan keyin, «o‘zini o‘zi band qilgan» maqomini rasman ro‘yxatdan o‘tkazish tugatiladi — qonuniy faoliyat uchun imkoniyat faollashadi.

«Ma’lumotnoma» oynasida ro‘yxatdan o‘tish bilan birga 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida (111 500 so‘m) to‘lash imkoni mavjud. Buning uchun tegishli savolning «Ha» bo‘limini tanlash va paydo bo‘lgan oynadagi so‘rov bo‘yicha plastik karta raqami hamda muddatini kiritish lozim.

Ijtimoiy soliqni ixtiyoriy elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirish mumkin.