Microsoft kompaniyasi LinkedIn Learning, Microsoft Learn va GitHub Learning Lab platformalaridagi kurslarni bepul taqdim etdi. Kompaniya 2020 yil oxirigacha 25 million kishiga yangi kasbni o‘zlashtirishda yordam berishni rejalashtirgan. Bu bilan Microsoft inqirozdan so‘ng iqtisodiyot tiklanishini tezlashtirishda va ishidan ayrilgan kishilarga yordam bermoqchi.

Materiallar maxsus saytda to‘rt tilda bo‘ladi: ingliz, fransuz, nemis va ispan tillarida. Kompaniya o‘z resurslari yordamida talab katta bo‘lgan 10 ta kasbni aniqladi. Ular:

  • dasturchi;

  • savod vakili;

  • loyihalar menejeri;

  • IT-administrator;

  • mijozlar bilan ishlash mutaxassisi;

  • raqamli marketing mutaxassisi;

  • IT-mutaxassis;

  • ma’lumotlar tahlilchisi;

  • moliyaviy tahlilchi;

  • grafik dizayner.

Kursni boshlash

O‘quv kurslarini boshlash uchun maxsus saytga o‘tib, «Start learning» («O‘qishni boshlash») tugmasini bosish kerak.

Keyin foydalanuvchi oldida mavjud bo‘lgan kasblar ro‘yxati paydo bo‘ladi va bu yerda «Start learning» («O‘qishni boshlash») tugmasini bosib, kerakli kasbni tanlash kerak. Tanlangan kasbga qarab, mos yo‘nalish va videodarsliklar paydo bo‘ladi (namuna sifatida «Software developer» tanlandi).

Kasb tanlangach, uning sahifasi ochiladi. Bu yerda «Start learning path» («O‘rganishni boshlash») tugmasini bosganda videodarsliklar ro‘yxati paydo bo‘ladi.

Bundan tashqari, Microsoft ish qidirish uchun bepul vositalarni taqdim etishga va’da berdi. Kurs yakunida istaganlar 15 dollar evaziga kursni yakunlaganini tasdiqlovchi sertifikat olishlari mumkin. Kompaniya ta’kidlashicha, o‘quv kurslari 2021 yil mart oyining oxirigacha bepul bo‘ladi.

Bundan tashqari, Microsoft notijoriy kompaniyalarga inqirozdan zarar ko‘rgan kishilarni qo‘llab-quvvatlashi uchun 20 million dollar ajratadi. Kompaniya, shuningdek, hukumatlarga mahalliy darajada iqtisodiyotning ehtiyojlarini yaxshiroq anglab olishlari uchun LinkedIn Economic Graph ma’lumotlariga asoslangan tahlillarni taqdim etishga va’da berdi.