Qozog‘istonda epidemiologik vaziyatning murakkablashishi va koronavirus tarqalishining ko‘payishini hisobga olgan holda karantin choralari kuchaytirilmoqda. 5 iyuldan boshlab 14 kunlik cheklovlar e’lon qilinadi, deya xabar berdi Qozog‘iston hukumati.

Xususan, mamlakatda viloyatlar o‘rtasida yo‘lovchi tashish xizmati va jamoat transporti cheklanadi. Temir yo‘llar (shartli ravishda) va mintaqalar orasidagi, shuningdek, xalqaro havo qatnovi (davlatlar ro‘yxatini ko‘paytirmagan holda) saqlanib qolinadi.

Fuqarolarga ikki hafta davomida sport, oilaviy, xotira marosimlari va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi. 65 yoshdan oshgan shaxslarning shahar bo‘ylab harakatlanishi va aholining ko‘chalarda, bog‘larda, maydonlarda kamida uch kishidan ortiq bo‘lib harakatlanishi cheklab qo‘yiladi. Ochiq havoda yakka holda mashq qilishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, sport zallari, fitness markazlari, suzish havzalari, yopiq oziq-ovqat va buyum bozorlari, madaniy inshootlar, bolalar bog‘chalari, diniy majmualar, kinoteatrlar va boshqa ob’ektlarning ishlashi taqiqlanadi. Tibbiy markazlar (tayinlanish bo‘yicha), dorixonalar, ochiq oziq-ovqat do‘konlari va ochiq bozorlar faoliyatiga ruxsat beriladi.

Masofaviy ish shakli davlat idoralari, ofislar, milliy kompaniyalar va boshqa tashkilotlar xodimlarining kamida 80 foizi uchun saqlanib qolinadi.

Ochiq havodagi umumiy ovqatlanish joylari, qurilish va sanoat korxonalari, avtomashinalar yuvish, maishiy texnika ta’mirlash xizmatlari, maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari va ikkinchi darajali banklar kuchaytirilgan sanitariya va dezinfeksiya rejimiga muvofiq ish olib boradi. Shuningdek, ochiq havoda qurilish ishlari va qishloq xo‘jaligi ishlari davom ettiriladi.

Mamlakatda epidemiologik vaziyatga qarab, cheklov choralari yana ikki haftagacha cho‘zilishi yoki kuchaytirilishi mumkin.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev mamlakatda jiddiy karantinga qaytish bo‘yicha buyruq bergan edi.

1 iyul holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda bir kun ichida 1509 ta (shularning 981tasi asoratlarsiz) koronavirus holatlari qayd etilib, mamlakatda umumiy holatlar soni 42,5 mingga yetgan.