O‘zbekiston prezidentining 1 iyuldagi qarori bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUK negizida Agentlik huzuridagi Bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi va uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Markazning asosiy vazifalaridan biri mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish, shuningdek, davlat mulki ob’ektlarini ijaraga berishni tashkil qilish hisoblanadi.

Markaz davlat boshqaruv organi hisoblanadi va davlat oraganlaridan, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlardan hamda boshqa tashkilotlardan zarur bo‘lgan axborot va materiallarni so‘rab olish huquqiga ega.

Markaz bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida har yili 1 aprelga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

2020 yil 1 sentyabrdan:

barcha auksion savdolari natijalari QR-kodni qo‘llash orqali rasmiylashtiriladi;

“E-IJRO AUKSION” tizimida quyidagi tartiblar joriy qilinadi:

auksionda shaxsini identifikatsiyalash imkonini beruvchi mobil ilovalar orqali ishtirok etiladi;

davlat mulkini ijaraga berish shartnomalari elektron shaklda ikki tomonlama tuzish orqali rasmiylashtiriladi;

savdolarda mavjud bo‘lgan lotlar haqida batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi doimiy yangilanib turadigan va Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan elektron katalog yaratiladi.