Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi “Mashtakovo” va “Sagarchin” nazorat punktlari yaqinida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilmoqda, deya xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi operativ shtabi.

Masala O‘zbekistonning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan, Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib borilmoqda, deyiladi TIV axborotida.

Vaziyat haqida ma’lumot Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etildi.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyundan buyon Rossiyaning turli shaharlaridan 25 ta charter reyslari tashkillashtirildi hamda hafta oxirigacha Novosibirsk, Qozon, Yekaterinburg, Moskva, Rostov-Don shaharlariga navbatdagi reyslar amalga oshirilishi kutilmoqda.

“Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Samara va Orenburg viloyatlarida bir necha yuz O‘zbekiston fuqarolari to‘plangan edi. Rossiya Federatsiyasining turli mintaqalaridan odamlar kelib, o‘z yurtiga qaytish uchun Qozog‘iston hududi orqali yo‘lak tashkil qilinishini talab qilishgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya va Qozog‘iston vakolatli organlari bilan birgalikda 1500 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolarini avtobusda mamlakat hududiga olib kelishni tashkillashtirgan edi.