Maktab o‘qituvchilari tomonidan to‘ldirilishi kerak bo‘lgan hujjatlar soni bittaga qisqartirildi. Endilikda pedagoglardan faqat sinf jurnalini, jumladan, elektron ravishda Kundalik onlayn tizimi orqali, qayd qilib borishlari talab etiladi, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

28 iyun kuni pedagogik mutaxassisliklar bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

O‘zgarishlar “o‘qituvchilarning pedagogik yukini optimallashtirish, ularni asosiy ish yuklamasiga qo‘shimcha ravishda hisobot va qog‘ozbozlikdan ozod qilish uchun” amalga oshirildi. Bu orqali o‘qituvchilarning barcha e’tiborlarini darslarni yanada qiziqarli o‘tkazishga qaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, endilikda barcha maktablarda fanlar bo‘yicha taqvim mavzuiy rejalarini bir xillashtirish maqsadida, endilikda taqvim mavzuiy rejalar Respublika ta’lim markazi tomonidan tasdiqlanadi va o‘quv yili oldidan vazirlikning rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

Maktab o‘qituvchilarining o‘quv rejalari barcha fanlar bo‘yicha “O‘qituvchilar kitobi” ga almashtiriladi va ular Milliy o‘quv dasturining asosiy komponentlari sifatida joriy etiladi.

“Endilikda o‘qituvchilarimiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qarataditilar degan umiddamiz. Bosqichma-bosqich o‘qituvchilar va maktab jamoasi faoliyati xujjatlarni to‘ldirishiga qarab emas, balki maktab bitiruvchilarining hayotda muvaffaqiyatga erishishlari bilan baholanishga o‘tiladi.”, — deyiladi XTV xabarida.