Hisob-kitoblarga ko‘ra, yilning ikkinchi choragida ish vaqti hajmi 14 foizga kamaydi, bu 400 mln ish joyining yo‘qolishiga tengdir. Bu haqda BMTning matbuot xizmati xabar berdi.

Xalqaro mehnat tashkiloti voqealar rivojining uch xil ssenariysini ko‘rib chiqishdi va ularning hech biri mutaxassislar uchun optimizm uyg‘otmadi. Global mehnat bozoridagi holat pandemiyadan oldingi vaziyatdan yaxshi bo‘lmaydi.

“Biz inqirozdan osonlikcha va tez muddatlarda chiqib keta olamiz, deb o‘ylamasligimiz kerak”, — dedi XMT rahbari Gay Rayder.

Eng optimistik ssenariyga ko‘ra, uchinchi chorakda ish soatlari yana 1,2 foizga kamayadi, ya’ni 34 million ish joylari yo‘qoladi. Pessimistik ssenariy pandemiyaning ikkinchi to‘lqini, keng qamrovli karantin boshlanishi va iqtisodning juda sekin o‘ziga kelishi ehtimoli borligini ko‘zda tutadi. Bunday holatda, ish soatlarining keyingi yo‘qotishlari 11,9 foizni tashkil etadi. Bu esa 340 million ish o‘rnining yo‘qolishini anglatadi.

Gay Rayder barcha davlatlarni tengsizlikka qarshi kurashishga va iqtisodiyotni tiklash rejalarida, birinchi navbatda zaif qatlamining manfaatlarini hisobga olishga chaqirdi.

“Biz hozir qabul qiladigan qarorlar 2030 yildan keyingi hayotimizga ta’sir qiladi. Mamlakatlar pandemiyaga qarshi kurashning turli bosqichlarida bo‘lishiga va ko‘pchilik choralar ko‘rilgan bo‘lishiga qaramay, biz agar pandemiyadan oldingi yashash sharoitimizdan ham yaxshiroq sharoitlar yaratishni istasak, bu boradagi harakatlarimizni ikki baravar kuchaytirishimiz kerak”, — dedi Gay Rayder

Pandemiya boshlangandan beri hukumatlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 10 trillion dollar sarflashdi. Biroq, ushbu mablag‘ning 88 foizi iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar tomonidan ajratilgan. Ushbu davlatlarda yordam paketi yalpi ichki mahsulotning 5 foizini tashkil etdi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa odamlar YAIMning atigi 2,2 foizini oldilar. Kam rivojlangan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich bundan ham pastroq.

Aprel oyida XMT ekspertlari ushbu davr davomida ish o‘rinlari 10,7 foizga, ya’ni 305 million ish joylarining qisqarishi mumkinligini taxmin qilishgan edi. Pandemiyaning mehnat bozoriga ta’siri ilgari o‘ylagandan ancha jiddiyroq bo‘lib chiqmoqda.