Marko Mantovanelli Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasining yangi rahbari etib tayinlanib, 1 iyul kunidan boshlab rasman o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda bank vakolatxonasining rasmiy Facebook sahifasida xabar berildi.

Tayinlovga qadar, Marko Mantovanelli Jahon bankining Kosovo va Shimoliy Makedoniyadagi vakolatxonalari rahbari lavozimida ishlagan (2016−2020).

Ma’lum uchun, Marko Mantovanelli Boloniya Universitetidan (Italiya) xalqaro munosabatlar va siyosatshunoslik magistr darajasini, shuningdek, Jons Xopkins nomidagi universitetning Ilg‘or xalqaro tadqiqotlar maktabidan (AQSH) xalqaro iqtisodiy fanlar magistri darajasini olgan. U iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha ekspert sifatida Lotin Amerikasi, Afrika va Yevropada 20 yildan ortiq tajribaga ega.

Jahon banki tizimiga kirishdan oldin u Yevropa va AQSHda maslahat faoliyati va iqtisodiy tadqiqotlar bilan shug‘ullangan, shuningdek Italiya dengiz floti ofitseri sifatida ham xizmat qilgan. Jahon bankidagi faoliyati davomida Mantovanelli tashkilotning Vashingtondagi shtab-kvartirasida va turli mamlakatlardagi vakolatxonalarida turli lavozimlarni egallagan.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga 2017 yildan beri yaponiyalik Xideki Mori rahbarlik qilib kelayotgan edi.