Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan O‘zbekistondagi taniqli bloger va Mass-media fondi direktori Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘zining Telegram sahifasida xabar berdi.

«O‘zA bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan bloger va Mass-media fondi direktori Xushnudbekni yangi mas’uliyatli lavozim bilan tabriklayman. Birga juda samarali mehnat qildik. Ishonamanki, sizning harakatlaringiz bilan O‘zA yangi darajaga ko‘tariladi. Siz u tashkilotga haqiqiy yangi qon bo‘lib kirayotganingizga ishonaman. Yangilik qilish oson bo‘lmaydi, tayyor turing. Omad!», — deya Allamjonov uni yangi tayinlov bilan tabrikladi o‘z xabarida.

«Gazeta.uz» manbasining takidlashicha, X.Xudoyberdiyev Mass-media fondining direktori lavozimini tark etadi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev 1989 yili Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. 2010 yili Toshkent Davlat yuridik institutining bakalavriat, 2012 yili esa magistratura bosqichini tamomlagan.

2004 yildan buyon «Zakovat» intellektual klubining a’zosi. So‘nggi 10 yilda 8 marta Oliy liga finalida ishtirok etib, ulardan 4 tasida jamoasi bilan chempion bo‘lgan. 2016 yili «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zA bosh direktori va uning o‘rinbosarlari prezident bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabr oyida O‘zA prezidentining qarori bilan vazifalar qayta ko‘rib chiqilib, agentlik qoshida maslahat kengashi va media-markaz tashkil etilgan. Fevral oyida esa O‘zA tomonidan ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Unda, agentlikka uskunalar sotib olish va yangi portalni ishga tushirish uchun 5,4 mlrd so‘m ajratish taklif qilingandi.